O‘zbekistonda 9 oy davomida onalar o‘limi ko‘rsatkichi 100 ming tirik tug‘ilishga nisbatan 14,1 promillini tashkil etdi. Bu haqda sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Qonunchilik palatisiga taqdim etgan hisobotida ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, tug‘ish yoshidagi 7,7 million — 84 foiz ayollar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, bugungi kunda 3,4 millionida ekstragenital kasalliklar aniqlangan. Ularning 300 ming ya’ni 11 foizi statsionar sharoitda, 2,4 millioni ambulator sharoitda davolandi. Respublikada o‘tgan 9 oy davomida 716 ming 880 nafar tug‘ilish qayd etilgan, bu 2022-yilning mos davriga (681,7 ming) nisbatan 35 ming (5,2 foiz) nafarga ko‘p.

Onalar o‘limi

Vazirning ta’kidlashia, respublikada 2023-yil 9 oy davomida onalar o‘limi ko‘rsatkichi 100 ming tirik tug‘ilishga nisbatan 14,1 promilli qayd etilgan. Bu ko‘rsatgich 2022-yilning shu davriga nisbatan 13,1 promilliga teng bo‘lgan.

Onalar o‘limi bo‘yicha raqamlarning 2022-yilga nisbatan o‘sish holatlari hududlar kesimida quyidagicha:

• Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 13 promillidan 24,7 promilliga;

• Andijon viloyatida — 7,9 promillidan 13,6 promilliga;

• Sirdaryo viloyatida — 11,6 promillidan 45,6 promilliga;

• Toshkent shahrida — 11 promillidan 15,7 promilliga;

• Samarqand viloyatida — 7,3 promillidan 12,9 promilliga oshgan.

Uning deputatlarga ma’lum qilishicha, mamlakatda onalar o‘limini kamaytirish maqsadida Belarusdan mutaxassislar olib kelinmoqda.

“Hozirda Belarusdan „Ona va bola“ markazidan akusher-ginekolog, bolalar anesteziolog-reanimatologi, ayollar anesteziolog-reanimatologi olib keldik, ular shu haftadan faoliyatini boshlaydi. Belarus tajribasida onalar o‘limi nol, go‘daklar o‘limi ham keskin kamligi uchun aynan shu mamlakat bilan keng ko‘lamli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va 2024-yilda onalar o‘limini keskin kamaytirish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab oldik”, — deydi Amrillo Inoyatov.

Avvalroq Qashqadaryodagi Ona va bola salomatligi tibbiyot markazida Belarus boshqaruv tizimini joriy etish, viloyatdagi 900 nafar doyani ushbu davlat ta’lim standartlari asosida o‘qitish rejalashtirilgani haqida xabar qilgandik. Shuningdek, Belarus vakillari O‘zbekiston sog‘liqni saqlash kodeksini ishlab chiqishda yordam berishini bildirdi.