Rossiyaga qarshi Yevropa sanksiyalarining 12-paketi 30 dan ortiq kompaniyalar, jumladan, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Singapur, shuningdek, Rossiyaning bir qancha muhandislik tashkilotlarini o‘z ichiga olishi mumkin. Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar shu hafta sanksiyalarni muhokama qiladi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, YeI Rossiyaga qurol ishlab chiqarishda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan stanoklar va ular uchun ehtiyot qismlar eksportini taqiqlashni taklif qilgan. Sanksiyalar paketi, shuningdek, Rossiya olmoslarini yetkazib berishni taqiqlash va Rossiya nefti narxining yuqori chegarasiga qo‘shimcha cheklovlarni ham o‘z ichiga oladi (o‘tgan yilning dekabr oyida G‘arb davlatlari uni barreliga 60 dollar qilib belgilagan).

Takliflar orasida Rossiyaga kimyoviy mahsulotlar, litiyli akkumulyatorlar, termostatlar va dvigatellar, jumladan, dronlar uchun yetkazib berishni taqiqlash kiradi. Mamlakatlar suyultirilgan propan, quyma temir va shpigeleyzen (temir-marganets qotishmasi), mis sim, alyuminiy sim, folga, quvurlar va armatura importiga cheklovlarni muhokama qiladi.

Olmoslarni olib kirishni taqiqlash 1-yanvardan kuchga kirishi mumkin, parallel ravishda uchinchi mamlakatlarda qayta ishlangan rus olmoslarini olib kirishga bosqichma-bosqich bilvosita taqiq joriy etish rejalashtirilmoqda. G7 mamlakatlari (Buyuk Britaniya, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya va AQSh) tashqi ishlar vazirlari o‘tgan hafta Rossiya olmoslariga cheklovlar bo‘yicha kelishuvga erisha olmadi, deb ta’kidlaydi Bloomberg.

Sanksiyalar paketi loyihasi, shuningdek, rossiyaliklarga kripto-aktivlar uchun hamyonlar, hisoblar va saqlash xizmatlarini taqdim etuvchi Yevropa kompaniyalarida lavozimlarni egallashni taqiqlashni, Yevropadagi rossiyaliklar yoki rossiyalik yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan yoki nazorat qiluvchi kompaniyalardan Yevropa Ittifoqi va boshqa mamlakatlardan mablag‘ o‘tkazish uchun ruxsat so‘rashni talab qilishni o‘z ichiga oladi.

Eksportchilardan shartnomalariga Rossiyadan ayrim tovarlarni reeksport qilishni taqiqlovchi qoidalarni kiritish talab qilinishi mumkin.