“Mening birinchi uyim” dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida prezident qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi. Hujjat bilan uy-joylar qanday shartlar asosida realizatsiya qilinishi belgilanmoqda.

Dastur doirasida ko‘p kvartirali uy-joylar, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya hamda ijtimoiy infratuzilma obyektlarini loyihalashtirish va qurish ishlarini amalga oshiradigan tadbirkorlik subyektlari tender savdolari asosida aniqlanadi.

Quriladigan uy-joylar aholiga imtiyozli va bozor shartlarida realizatsiya qilinadi. Imtiyozli uy-joylar oxirgi 5 yil davomida mulk huquqi asosida uy-joyga ega bo‘lmagan oilalarga, 15 foiz miqdorda boshlang‘ich to‘lov asosida 20 yil muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash shartlarida realizatsiya qilinadi.

Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslarga imtiyozli uy-joylar bo‘yicha boshlang‘ich to‘lovining bir qismini qoplash uchun qat’iy belgilangan 32 mln so‘m miqdorida, oylik to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun besh yil davomida har oylik qat’iy belgilangan 1 mln so‘m miqdorida davlat budjeti hisobidan subsidiyalar ajratiladi.

Qayd etilishicha, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan Turkiyaning TOKI davlat kompaniyasi bilan hamkorlikda “Mening birinchi uyim” dasturi ishlab chiqilgan. Toshkent viloyati hokimligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining “Mening birinchi uyim” dasturini birinchi bosqichini tajriba-sinov tariqasida Zangiota tumani “Turkiston” MFYda amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilmoqda.

Dastur doirasida amalga oshiriladigan qurilish ishlarini muvofiqlashtirish uchun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklidagi “Mening birinchi uyim” dasturini amalga oshirish direksiyasi tashkil etiladi va unga quyidagi huquqlar beriladi:

  • tadbirkorlik subyektlari bilan davlat-xususiy sherikchilik bitimlarini tuzish va bitim shartlarini mustaqil belgilash;
  • “22626” maxsus hisobvarag‘ini ochish va undagi mablag‘lardan foydalanish.

Dasturni amalga oshirishning moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilangan:

  • ko‘p kvartirali uy-joylar, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, bozor infratuzilmasi obyektlarini loyihalashtirish va qurish, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish uchun — Direksiya va tadbirkorlik subyektlarining mablag‘lari, tijorat banklarining kreditlari;
  • ijtimoiy infratuzilma obyektlari (maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari hamda tibbiyot punktlari)ni loyihalashtirish va qurish uchun — Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar, Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar. Bunda, ijtimoiy soha obyektlari davlat-xususiy sheriklik asosida qurilganda, moliyalashtirish davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimga muvofiq amalga oshiriladi.

Toshkent viloyati hokimligi dasturning birinchi bosqichini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda yer uchastkasini ajratish ishlarini amalga oshiradi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 22-sentabr kuni Nurafshon shahrida xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi sessiyasida ishtirok etib, viloyatdagi har bir fuqaroga bir marta yangi qurilgan xonadonni imtiyozli ipotekaga olish imkoniyatini berish kerakligini ta’kidlagandi. Shu munosabat yig‘ilishda kelgusi yildan “Mening birinchi uyim” yangi ipoteka dasturini Toshkent viloyatidan boshlash taklif qilingandi.

2023-yil 5-apreldagi yig‘ilishda esa “Mening birinchi uyim” dasturini boshlash uchun Qurilish vazirligi huzurida maxsus uy-joy kompaniyasi tashkil etilishi, unga Zangiota tumanidan 36 gektar yer maydoni ajratilib, ushbu hududni kompleks rivojlantirish loyihasi ishlab chiqilishi ma’lum bo‘lgandi.

Ushbu hududda 2,5 ming oilaga mo‘ljallangan, barcha standartlarga javob beruvchi qulay va energiya tejamkor 58 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo etilishi ta’kidlangan. Shuningdek, uylardagi 2 va 3 xonali xonadonlar uchun oylik to‘lov miqdori “amaldagi subsidiyali ipoteka to‘lovlaridan arzon bo‘lishi” ta’kidlangandi.

O‘sha yig‘ilishda, shuningdek, Qurilish vazirligi, Toshkent viloyati hokimligiga bir hafta muddatda “Mening birinchi uyim” shaharchasining master rejasini yakunlash, loyihani ekspertlar va jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish topshirilgandi.