BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvnensiyasi (CRIC-21) ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasi sessiyasi doirasida Samarqand viloyatida “CRIC-21 yashil bog‘i” tashkil etildi, deb xabar bermoqda Ekologiya vazirligi.

Tadbirda BMT bosh kotibi o‘rinbosari, Cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash bo‘yicha konvensiya ijrochi kotibi Ibrohim Tiau, O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Narbayeva, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va boshqalar ishtirok etdi.

Tadbir davomida yashil bog‘da 1000 tup daraxt ko‘chati o‘tqazildi. Bog‘ hududi 2,5 gektarga teng, deyiladi xabarda.

Ayni paytda O‘zbekistonda “Yashil makon” loyihasi doirasida 1200 gektardan ortiq bog‘ va istirohat bog‘lari, million gektardan ortiq yashil maydonlar barpo etilgan.

2023-yilda esa 25-oktabrdan 1-dekabrgacha kuzgi daraxt ekish mavsumi e’lon qilingan bo‘lib, uning doirasida 85 million tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan.

Mavsumda, shuningdek, o‘rmon xo‘jaliklarida 5 million dona daraxt ekish, chiqindi poligonlari atrofida va yirik sanoat korxonalari hududida “yashil belbog‘” yaratish, dala chetlarida 20 million tup terak, tut va uzum ekish, bog‘cha, maktab, oliygoh va shifoxonalar hududida 3,5 millionta ko‘chat ekish, Orolning qurigan tubida 100 ming gektarda “yashil qoplama”larni barpo etish ko‘zda tutilgan.