Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida uchuvchisiz uchadigan apparatlardan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, bu toifadagi jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish “Ayrim toifadagi jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasiga kiritilgan.

“Mamlakatimiz hududida uchuvchisiz uchadigan apparatlar, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarining belgilangan tartibda majburiy deklaratsiya qilinadigan tranzitidan tashqari ularni qonunga xilof ravishda olib kirish, sotish, sotib olish, saqlash yoki ulardan foydalanish taqiqlangan. Jazo choralari qat’iy belgilangan bo‘lsada, ushbu toifadagi jinoyatlar soni yildan yilga ko‘payib bormoqda. Qonun tashabbuskorlari shundan kelib chiqib, javobgarlikni kuchaytirishni taklif qilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Loyihaga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish harakatlarini sodir etganlik uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi norma bilan to‘ldirilmoqda. Shuningdek, Jinoyat kodeksining belgilangan sanksiyalariga muqobil jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash kabi jazo turlari kiritilmoqda.

Fraksiya a’zolari uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda respublika hududiga olib kirish fuqarolar tomonidan qonunchilik talablarini bilmaslik oqibatida ham sodir etilayotganiga e’tibor qaratgan.

Xususan, uzoq muddat chet el hududida yashab qaytgan fuqarolar yoki respublikaga birinchi marotaba kirib kelayotgan chet el fuqarolarining bunday moslamalarni olib kirishga taqiq borligidan xabari bo‘lmasligi ham huquqbuzarlik sodir etilishiga sabab bo‘layotgani ta’kidlangan.

“Shundan kelib chiqib, qonunchilikda belgilangan me’yorlar aholiga tushunarli tarzda ifodalanishi va mas’ullar tomonidan tushuntirish ishlari kuchaytirilishi zarurligi qayd etildi. Yig‘ilishda qizg‘in muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan ma’qullandi”, — deyiladi partiya matbuot xizmati xabarida.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda Jinoyat kodeksiga 2019-yilda mamlakat hududiga uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish uchun uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi kiritilgan.

O‘sha harakatlar

  • takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
  • shaxsning o‘z xizmat mavqeidan foydalanib;
  • bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa;
  • badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar odam o‘lishiga sabab bo‘lsa besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar:

  • odamlar o‘limiga;
  • halokatga;
  • boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlarni sodir etgan shaxs, agar u uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini o‘z ixtiyori bilan topshirsa, javobgarlikdan ozod qilinadi.

Dronlarni qanday qilib qonuniy olib kirish mumkin?

2022-yil 15-noyabrda Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida uchuvchisiz uchadigan apparatlardan foydalanishni tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror bilan uchuvchisiz uchadigan apparatlarni mamlakat hududiga kimlar olib kirishi mumkinligi belgilangan.

Unga ko‘ra, respublika hududida uchuvchisiz uchadigan apparatlar, (va butlovchi qismlarini) olib kirish, sotish, sotib olish, saqlash yoki foydalanishga quyidagi subyektlarga ruxsat beriladi:

  • Turizm va madaniy meros vazirligi;
  • Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining “Geoinnovatsiya markazi” DUK;
  • “Chorvoq” erkin turistik zonasi direksiyasi;
  • YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy komissiyasi.

Shuningdek, qaror bilan vazirlik, idoralar va xo‘jalik subyektlariga Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlari asosida uchuvchisiz uchadigan apparatlarni va ularning butlovchi qismlarini olib kirish, sotish, sotib olish, saqlash yoki ulardan foydalanishga ruxsat berilishi mumkin.

Mamlakat turizm salohiyati to‘g‘risida foto va videomateriallar tayyorlash uchun xorijiy ijodiy guruhlarga uchuvchisiz uchadigan apparatlarni respublika hududiga vaqtincha olib kirish, saqlash va ulardan foydalanish uchun ruxsatnoma Turizm va madaniy meros vazirligining iltimosnomasiga asosan Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi tomonidan beriladi.