O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-noyabr kuni Jizzax viloyatida quvvati 550 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasini qurish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Investor — Turkiyaning Cengiz Enerji San. VE TIC A.Ş. kompaniyasi, Cenergo esa loyiha kompaniyasi hisoblanadi. Avgust oyi boshida prezident Cengiz Holding rahbari bilan uchrashuvda Jizzax viloyatida elektr stansiyasi qurilishini boshlab bergan edi.

Dastlab 450 MVt quvvat 56 foiz samaradorlik bilan rejalashtirilgan edi, biroq investor quvvatni 520 MVtga, samaradorlikni esa 62 foizga oshirishni taklif qildi, — degan edi energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Axmedxadjayev

Prezident qarorida esa quvvat 550 MVtga oshirilgan. obyektni 2025-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu 4 mlrd kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarish va kamida 700 mln kubometr gazni tejash imkonini beradi.

obyektni qurish uchun Jizzax viloyati Sharaf-Rashidov tumanidan 9,54 gektar yer uchastkasi ajratish rejalashtirilgan. Bunda qishloq xo‘jaligi yerlari boshqa toifaga o‘tkaziladi.

Hujjatga muvofiq, investor va loyiha kompaniyasi bug‘-gaz elektr stansiyasini loyihalash, moliyalashtirish, qurish va foydalanishga mas’ul bo‘ladi hamda 500 mln dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qiladi.

Loyiha kompaniyasi qurilish davridagi o‘z majburiyatlari lozim darajada bajarilishining ta’minoti sifatida 2 mln dollar miqdorida birinchi darajali xorijiy bank kafolatini taqdim etadi. Shuningdek, ishlab chiqarilgan elektr energiyasini “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” kompaniyasiga kafolatlangan tarzda sotish majburiyatini oladi.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” kompaniyasi esa 25 yil davomida elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qilish majburiyatini oladi. Elektr energiyasi uchun to‘lov milliy valyutada amalga oshiriladi. Biroq tariflar miqdori oshkor etilmagan.

Investor va loyiha kompaniyasi, agar ular o‘z majburiyatlarini bajara olmasalar, elektr stansiyasi qurilishini moliyalashtirishda ishtirok etuvchi boshqa kreditorlarga huquqlarni berishi mumkin.

Loyiha kompaniyasiga kredit olish, chet el valyutasida mablag‘lar olish va ulardan foydalanish (shu jumladan chet el valyutasida kredit tushumlari) uchun chet el banklarida bank hisobvaraqlarini ochish, shuningdek, xorijdagi pudrat tashkilotlari, yetkazib beruvchilar yoki xorijiy kreditorlarga to‘lovlarni O‘zbekiston bank hisobvaraqlari orqali o‘tkazmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirish huquqi berildi.

Loyiha kompaniyasi tomonidan yer uchastkalari uchun to‘lanadigan ijara to‘lovi miqdori yer solig‘i miqdoriga tenglashtiriladi.

Suv xo‘jaligi vazirligi, UzGasTrade, “O‘ztransgaz”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” kompaniyalariga Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitimda ko‘zda tutilgan hajm va parametrlarga muvofiq, loyiha kompaniyasi ehtiyojlari uchun tabiiy gaz va texnik suv yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolash topshirildi.

Gaz va texnologik suv yetkazib berilmagan taqdirda, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, loyiha tashkilotiga yetkazilgan zarar, shu jumladan barcha turdagi jarimalar va yo‘qotilgan foyda miqdori qoplanadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga elektr stansiyasini ishonchli va uzluksiz gaz bilan ta’minlash maqsadida gaz ta’minoti infratuzilmasini qurish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun davlat budjetidan mablag‘ ajratish topshirildi.