Toshkentning Chilonzor tumanidagi “Ko‘zi ojizlar” jome’ masjidida juma namozini ado etish vaqtida 50 yoshlar atrofidagi erkak olamdan o‘tdi. Bu haqda hodisaga guvoh bo‘lgan “Gazeta.uz” muxbiri xabar bermoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, erkak namoz o‘qiyotgan vaqtida yiqilib tushgan va xuddi hurrak otayotgandek qiynalib nafas ola boshlagan. Yon-atrofdagi odamlar esa unga birinchi yordamni ko‘rsatishga harakat qilgan.

Yaqin-atrofdagi do‘kondan qoshiq olib kelib, orqaga ketib qolgan tilini qaytarishdi, yonboshlatib yotqizib, yurakni uqalay boshlashdi.

Bu orada esa tez tibbiy yordamga ham qo‘ng‘iroq qilinib, manzil va boshqa ma’lumotlar aytilgan. Biroq shifokorlar kelguniga qadar, odamlar tomonidan ko‘rilgan choralarga qaramasdan, erkakning yurak urishi to‘xtadi, deydi muxbir.

juma namozи, тошкент

“Tez tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qilinganidan 20 daqiqalardan oshiqroq vaqt o‘tib, shifokorlar brigadasi yetib keldi. Biroq tez yordam mashinasi avtomobillar yo‘lni to‘sib qo‘ygani sababli murda yotgan joygacha yetib kelolmadi. Ichki ishlar organlari xodimlari „204 Spark mashinasi kimniki, mashinangizni oling, yo‘lni to‘sib qo‘yibsiz“, deb baqirishib yurgandi”, — deya voqeani aytib berdi “Gazeta.uz” muxbiri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda xabar tarqalgach, foydalanuvchilar boshqa masjidlarda ham shunga o‘xshash holatlar bo‘lgani, ma’ruzalarda qayta-qayta ta’kidlanganiga qaramasdan, masjidlarga shaxsiy mashinada borish va avtomobili bilan yo‘llarni to‘sib qo‘yish holatlar uchrayotganini bildirgan.

Hozircha hodisa yuzasidan rasmiy ma’lumot berilgani yo‘q.