Madaniyat vazirligi sohada faoliyat yuritib kelayotgan ayrim xodimlarning uy-joy sotib olish, qurish yoki rekonstruksiya qilish xarajatlari uchun subsidiya ajratish taklifi bilan chiqdi.

Muhokamalar portaliga qo‘yilgan hujjat loyihasiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qarori bilan mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uy-joy to‘lovining 50 foizi to‘lab beriladi.

Biroq ushbu bir martalik subsidiya miqdori Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar uchun 192,5 mln so‘mdan, Toshkent shahri uchun esa 245 mln so‘mdan yuqori bo‘lmasligi kerak. Subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi tavsiyanoma olgan shaxslar ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badalning uy-joy qiymatining kamida 5 foiziga teng bo‘lgan qismini o‘z mablag‘lari hisobidan shakllantiradi.

Bunda ariza beruvchidan 18 yoshdan 60 yoshgacha va madaniyat hamda san’at sohasida kamida 2 yil ishlagan bo‘lishi talab etiladi.

Mazkur qaror loyihasi tarmoqlarda muhokamalarni keltirib chiqardi. Ayrim internet foydalanuvchilari bu kabi yordam noo‘rin ekanini aytsa, ba’zilar taklifni qo‘llab-quvvatladi.


Vazirlik izohi

Madaniyat vazirligi holatga rasmiy izoh berib, madaniyat va san’at sohasi vakillarining hammasi ham bir xilda to‘y-hasham, tug‘ilgan kun yoki boshqa tadbirlarda xizmat ko‘rsatish, qo‘shimcha daromad topish imkoniyatiga ega emasligini keltirdi.

“Xalqaro miqyosdagi ko‘rik-tanlovlar va festivallarda yuqori o‘rinlarni egallab, Vatanimiz nomini ulug‘lashga hamda madaniyat va san’at sohasi rivojiga katta hissa qo‘shayotgan madaniyat va san’at sohasi vakillarining aksariyati uzoq yillardan buyon oilaviy yotoqxonalarda va ijara uylarda yashab kelmoqda. Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda iddao qilinayotganidek, madaniyat va san’at sohasi vakillarining hammasi ham bir xilda to‘y-hasham, tug‘ilgan kun va yoki boshqa tadbirlarda xizmat ko‘rsatish, qo‘shimcha daromad topish imkoniyatiga ega emas. Lekin shunga qaramay, ular o‘z kasbiga mehr qo‘yib, fidoyilik bilan mehnat qilmoqda”, — deyiladi vazirlik munosabatida.

Vazirlikning ta’kidlashicha, ushbu sohada faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchi va xodimlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda ularning yashash sharoitlarini yaxshilash “2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da belgilangan.

Vazirlik, shuningdek, hozirda madaniyat va san’at sohasida 36 mingdan ortiq xodim ishlayotganini qayd etdi. Ulardan

  • 850 nafardan ziyodi oliy ta’lim tizimida;
  • 2500 nafari o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tizimida;
  • 12 ming nafardan ortiq o‘qituvchilar bolalar musiqa va sanat maktablarida;
  • 9 ming nafardan ko‘proq murabbiylar madaniyat markazlarida;
  • 6 ming nafardan ortiq ijodkorlar teatr va sirk sohasida;
  • 2900 nafardan ortiq san’atkor va ijodkor konsert-tomosha sohasida faoliyat yuritadi.

Avvalroq “Gazeta.uz” madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov davlat mukofoti olgan san’atkorlar haqidagi portal uchun qariyb 500 mln so‘m ajratish haqida buyruq imzolagani, unga san’atkorlarning ma’lumotlari kiritilishi haqida xabar bergandi.

Keyinroq vazirlik san’atkorlar haqidagi portal to‘y va boshqa tadbirlarni rejalashtirayotgan muxlislarga ijrochilar bilan bevosita aloqada bo‘lishga yordam berishini ta’kidlagan. Saytda nafaqat 10 ga yaqin san’atkor, balki sohaning boshqa vakillari haqidagi ma’lumotlar joylashtiriladi, degandi vazirlik.