2024-yilda hukumat xususiy sektorda ishlovchi ayollarning homiladorlik va tug‘ish nafaqalari miqdorini uch baravarga qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kelasi yilgi davlat budjeti loyihasida ma’lum qilindi.

2023-yilgi davlat budjetidan xususiy sektordagi homilador ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqalari uchun 300,7 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. 2024-yilda esa bu ko‘rsatkich 100 milliard so‘mgacha kamayadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyevning aytishicha, moliyachilar buni mablag‘larning past darajada o‘zlashtirilishi bilan izohlagan. Jumladan, 2023-yilda rejalashtirilgan 300,7 mlrd so‘mning atigi 50 milliard so‘mi o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shu bois kelgusi yil uchun prognoz 100 mlrd so‘mga tushirilgan.

Parlament a’zosi bu masalada mablag‘larning past darajada o‘zlashtirilishi sabablarini o‘rganish zarur, deb hisoblaydi. “Menimcha, bu yerda nega pul o‘zlashtirish kamligini o‘rganish kerak. Taxminimcha, xususiy sektorda ishlaydigan ayollarning katta qismi mehnat shartnomasisiz ishlaydi. Keyin byurokratiya. Pulni olish uchun korxona buxgalteri topshirishi kerak bo‘lgan hujjatlar bor, erinib, shuni qilmasa kerak”, — deb yozdi u X (Twitter) sahifasida.

budjet tashkilotlarida ishlaydigan homilador ayollarga homiladorlik va tug‘uruq nafaqalarini 665 milliard so‘mdan 1 trillion so‘mga oshirish ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil 1-sentabrdan O‘zbekistonda xususiy sektorda ishlayotgan ayollarga ham davlat tomonidan homiladorlik va tug‘uruq nafaqalari to‘lanishi boshlangan. To‘lov minimal iste’mol xarajatlarining 4 baravari miqdori (2,27 mln so‘m)ni tashkil etadi.