12-oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yangixayot tuman sudi piyodani urib yuborgan haydovchiga nisbatan hukm chiqardi. “Gazeta.uz” O‘zbekiston Oliy sudi saytiga joylashtirilgan sud qarorini o‘rgandi.

Ish materiallariga ko‘ra, sudlanuvchi Sh. P. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Maktabgacha ta’lim agentligining Moliya, iqtisodiyot va davlat-xususiy sheriklik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan. U 18-iyul kuni hibsga olingan.

Baxtsiz hodisa 4-iyun kuni taxminan soat 20:30 da sodir bo‘lgan. Sud qarorida qayd etilganidek, haydovchi mast holatda Nexia rusumli avtomashinasini Yangihayot tumani Davlatobod ko‘chasi bo‘ylab 50−60 km/soat tezlikda haydab ketayotib, yo‘lni kesib o‘tayotgan piyoda L.O.ni urib yuborgan.

Ayol shifoxonaga yetkazilgan, biroq jonlantirish bo‘limida vafot etgan. Tibbiy ekspertiza xulosasida uning o‘limiga og‘ir tan jarohatlari, jumladan, yopiq bosh miya jarohati, miyaga qon quyilishi, ko‘krak qafasining shikastlanishi, umurtqa pog‘onasining sinishi, 10 qovurg‘a, orqa miya, o‘pka, pastki oyoqlarning yorilishi va boshqa ko‘plab jarohatlar sabab bo‘lgani aytiladi. Ekspertiza o‘limga to‘qnashuv sabab bo‘lganini qayd etdi.

Sud-avtotexnik ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, haydovchi tormozni keskin bosib, avariyaning oldini olish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Sudda sudlanuvchi 50−60 km/soat tezlikda harakatlanib ketayotib, “daraxtlar ortidan chiqib qolgan” ayolni urib yuborgan. Ayblanuvchining aytishicha, voqea sodir bo‘lganidan so‘ng undan 3−4 metr o‘tib to‘xtagan. Ayolning nafas olayotganini ko‘rib, tez yordam chaqiradi va jabrlanuvchini kasalxonaga yuboradi, o‘zi esa voqea joyida qoladi.

Ayblanuvchi shuningdek, YTH sodir bo‘lgan joyda piyodalar o‘tish joyi yo‘qligini, u hodisa joyidan 100 metrcha pastda bo‘lganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, piyodani ko‘rish va avariyaning oldini olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan. Shu bilan birga, o‘sha kuni tushlik paytida spirtli ichimlik iste’mol qilgani, ammo mast bo‘lmaganini ta’kidlagan. Ayblanuvchining so‘zlariga ko‘ra, voqea sodir bo‘lganidan keyin YHXX xodimlari unga alkogolli mastlik testini o‘tkazishni taklif qilmagan, biroq o‘zi spirtli ichimlik iste’mol qilganini tan olgan.

Shuningdek, uning qarindoshlari yetkazilgan zararni qoplash uchun sud departamentining depozit hisob raqamiga 100 mln so‘m o‘tkazib, jabrlanuvchiga yordam ko‘rsatganini aytdi.

Erkak o‘z aybiga qisman iqror bo‘ldi, biroq avariyaviy holatda piyodaning o‘zi ham aybdor ekanligini ko‘rsatdi. U suddan voyaga yetmagan farzandlari borligini, shuningdek, oyiga 10 mln so‘m to‘lanadigan ipoteka krediti borligini inobatga olib, jazoni yengillashtirishni so‘radi.

Sud majlisida marhumaning qizi so‘zga chiqib, onasidan boshqa yaqin qarindoshi yo‘qligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar sudlanuvchi haqiqatan ham 50−60 km/soat tezlikda harakatlansa, onasi bunchalik og‘ir tan jarohati olmagan va vafot etmagan bo‘lardi. U 100 mln so‘mni olishdan bosh tortdi va sudlanuvchini qonun doirasida jazolashni so‘radi.

Sud zalida IIBB YHXX inspektori haydovchi spirtli ichimlik iste’mol qilganini inkor etsa-da, og‘zidan alkogol hidi kelib turganini aytdi. Shundan so‘ng, xodimlar sudlanuvchini ko‘rikdan o‘tkazish uchun narkologiya klinikasiga olib ketishgan. Boshqa bir xodim esa guruhda alkogolizator yo‘qligini ma’lum qildi va haydovchidan spirtli ichimlik hidi kelgan-kelmaganini bilmasligini aytdi.

Sud qarorida qayd etilishicha, sudlanuvchining voqea sodir bo‘lgunga qadar piyodani ko‘rmagani haqidagi vajlari butunlay rad etilgan, chunki tergov davomida u uni ko‘rganini, biroq tormoz bosa olmaganini aytgan, shuningdek, yo‘lning ushbu qismi yaxshi yoritilgan bo‘lgan.

Sudya Zavqiddin Yarashev sudlanuvchini Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi “a” bandi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lsa, muayyan huquqdan mahrum qilib, yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bilan aybdor deb topdi va unga nisbatan 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish bilan 4 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.