Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining o‘n oltinchi sammitidagi nutqida Falastin-Isroil urushiga to‘xtalib o‘tdi.

“Global tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgan Yaqin Sharqdagi Falastin-Isroil urushi barchamizda kattatashvish uyg‘otmoqda. Ming afsuski, bu qonli nizo oqibatida avvalo, tinch aholi vakillari, ayniqsa, ayollar, bolalar va keksalar ko‘plab qurbon bo‘lmoqda. Urushning mintaqa bo‘ylab yoyilib ketish xavfi tobora real tus olmoqda”, — dedi prezident.

Uning ta’kidlashicha, qarama-qarshilikning keng ko‘lamli nizoga aylanib ketishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

“Biz tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga, tinch muzokaralarni boshlash, oqilona murosaga kelishga chaqiramiz”, — dedi O‘zbekiston rahbari.

“Falastin xalqi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalari bilan tasdiqlangan huquqqa, ya’ni, o‘zining mustaqil davlatini barpo etish huquqiga ega, degan qat’iy pozitsiyamizni yana bir bor bildiramiz”, — dedi Mirziyoyev.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida Falastin-Isroil mojarosini hal qilish uchun “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyilini qo‘llash tarafdori ekanini bildirgandi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston G‘azo sektori aholisiga yordam ko‘rsatish uchun BMTning Yaqin Sharq agentligiga 1,5 million dollar ajratganini ma’lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 28-oktabr kuni BMT Bosh assambleyasining G‘azo sektorida “zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish” to‘g‘risidagi rezolyutsiyasini 120 ta davlat qatorida qo‘llab-quvvatlagandi.