O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-noyabr kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) 16-sammitida ishtirok etdi.

Nutq boshida davlat rahbari quyidagilarni ta’kidladi: “Bugun ko‘z o‘ngimizda dunyo siyosiy arxitekturasi tom ma’noda o‘zgarmoqda va global qayta qurilish sodir bo‘lmoqda. Bu murakkab jarayonlarda o‘zining katta o‘rniga ega bo‘lgan tashkilotimiz davlatlari birgalikda hamjihat bo‘lib harakat qilishi, vujudga kelayotgan xavf-xatarlarga qarshi samarali yechimlar topishi muhimdir”.

Prezident jahondagi global inqirozga qaramasdan, IHT davlatlari iqtisodiyotlari barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etayotganini ta’kidladi. O‘zbekistonda so‘nggi olti yilda yalpi ichki mahsulot hajmi 1,5 barobar ko‘paydi. Davlat rahbari 2030-yilga qadar ushbu iqtisodiy ko‘rsatkichni yana ikki barobarga oshirish rejalashtirilganini ma’lum qildi. Bunga, avvalo, “yashil” iqtisodiyot va zamonaviy infratuzilmani barpo etish, xususiy sektorni rag‘batlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratish, xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish hisobidan erishish ko‘zda tutilmoqda.

“Bu borada xalqaro maydonda o‘z ovozi va nufuziga ega tashkilotimizning barcha a’zolari bilan samarali ishlashga tayyormiz. Zero, yaqin va yaxshi qo‘shni bo‘lgan mamlakatlarimiz iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldira oladi. Umumiy savdo-transport koridorlari va energetika tarmoqlari esa davlatlarimizni uzviy bog‘laydi. Biz yangi “o‘sish nuqtalari”ni birgalikda izlab topish orqali kelgusida salmoqli natijalarga, albatta, erishamiz”, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident O‘zbekiston IHTning asosiy hujjati bo‘lgan “Istiqbollar — 2025” ijrosini sarhisob qilishni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Shuningdek, u yangi “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari — 2035” hujjati bo‘yicha mamlakat takliflarini e’lon qildi.

O‘zaro savdoni rag‘batlantirish

O‘tgan yili IHT mamlakatlari o‘rtasidagi savdo ko‘rsatkichi 85 milliard dollarni tashkil etdi.

“Bu tashkilotga a’zo davlatlar umumiy tashqi savdosining atigi 8 foizi demakdir. Afsuski, imtiyozli savdo bitimini tuzish bo‘yicha ko‘p yillik urinishlar kutilgan samarani bermayapti. To‘siqsiz savdoni shakllantirish yo‘lida hali-hamon ko‘plab cheklov va muammolar saqlanib qolmoqda. Bu holatlarni ochiq tan olishimiz va ularni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun vaziyatga yangicha qarash bilan yondashish kerak”, — dedi prezident hamda ekspertlar tomonidan ishlab chiqilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida savdoni soddalashtirish to‘g‘risidagi bitimni qabul qilishga chaqirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu hujjatda tovar va xizmatlar savdosini yengillashtirish, texnik va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona, fitosanitariya va veterinariya tartib-qoidalarini raqamlashtirish, elektron savdoni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu chora-tadbirlar orqali 2035-yilga borib o‘zaro savdo hajmlarini kamida ikki barobar ko‘paytirish mumkin.

O‘zaro transport-kommunikatsiya bog‘liqligini kuchaytirish

A’zo davlatlarning aksariyati dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega emas. “Shu bilan birga, Osiyo-Tinch okeani, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa mintaqalarining yirik bozorlari bilan bog‘laydigan va bizning hududlarimiz orqali o‘tadigan transkontinental transport yo‘laklari salohiyatidan to‘liq foydalanishimiz zarur”, — deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.

Kelgusida “Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston” va Transafg‘on multimodal yo‘llarining ishga tushirilishi barcha a’zo davlatlar manfaatlariga mos keladi, deya qo‘shimcha qildi u.

Prezident Toshkentda 2-noyabrda bo‘lib o‘tgan transport vazirlarining yig‘ilishida “O‘zbekiston — Turkmaniston — Eron — Turkiya” transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan hujjatga boshqa a’zolarni ham qo‘shilishga, o‘zaro tarif va yig‘imlarni maqbullashtirishga chaqirdi.

Davlat rahbari O‘zbekiston Ozarbayjon va Turkiya bilan yuk tashish hujjatlarini raqamlashtirganini, shuningdek, boshqa davlatlar bilan bunday loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Bu kabi zamonaviy tizimlarni keng joriy qilish hamda samarali muvofiqlashtirish uchun prezident Toshkent shahrida tashkilotning Raqamli transport va bojxona ofisini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Sanoat kooperatsiyasi hamda ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish, industrial xablarni shakllantirish

O‘zbekiston rahbari mamlakat o‘zaro investitsiyalar oqimini ko‘paytirish, ularni himoya qilish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar dasturini ishlab chiqib, IHT kotibiyatiga taqdim etganini qayd etdi. Mazkur hujjatda kimyo, energetika, geologiya, to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat, farmatsevtika va qurilish sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni ilgari surish maqsad qilib qo‘yilgan. “Bu ezgu yo‘lda tashkilotning Savdo va taraqqiyot banki bilan sheriklik aloqalarini kengaytirish tarafdorimiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

U Toshkentda 8-noyabr bo‘lib o‘tgan Savdo-sanoat palatalari va ko‘plab kompaniyalar rahbarlari ishtirokidagi beshinchi biznes forum xususiy sektorda IHT katta salohiyatga ega ekanini yaqqol ko‘rsatganini ta’kidladi.

“Biz tashkilotimiz doirasida hududlararo sanoat ko‘rgazmasini tashkil etish va uning dastlabki tadbirini 2024-yilda yurtimizda o‘tkazish taklifini ilgari suramiz”, — dedi O‘zbekiston prezidenti.

Energetika xavfsizligini kafolatli ta’minlash

Prezident O‘zbekiston 2030-yilgacha 25 GVt quvvatdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yaratishni va ularning balansdagi ulushini 40 foizga yetkazishni maqsad qilganini eslatdi. Shu yilning o‘zida mamlakat 2 GVt quvvatdagi yirik shamol va quyosh elektr stansiyalarini ishga tushiradi. Shuningdek, “yashil vodorod” ishlab chiqarish sohasida ham ilk qadamlarni qo‘ymoqda. “Ushbu yo‘nalishlarda barcha davlatlar bilan ochiq muloqot va tajriba almashishga tayyormiz”, — dedi davlat rahbari.

Hamkorlik masalalarini batafsil muhokama qilish va ishlarni tizimli asosda olib borish uchun IHT doirasida Энергетика vazirlari kengashini ta’sis etish taklifi bildirildi.

Iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha aloqalarni jadallashtirish

“Hozirgi vaqtda bizning davlatlarimiz bu o‘tkir muammolarning og‘ir oqibatlariga duch kelmoqda. Muzliklarning erishi, suv resurslari taqchilligi, cho‘llanish, chang bo‘ronlari, tuproq yemirilishi va biologik xilma-xillikning yo‘qolishi kabi jarayonlar qattiq xavotir uyg‘otmoqda”, — dedi O‘zbekiston prezidenti.

“Tuzilmamiz doirasida ekologiya masalalari bo‘yicha yuqori darajali platforma yaratish bo‘yicha g‘oyamizni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun tashakkur izhor etaman. Uning birinchi anjumanini 2024-yilda Samarqand iqlim forumi doirasida tashkil etishga tayyormiz”, — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Shuningdek, prezident kelgusi haftada O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan BMTning Cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi bajarilishini ko‘rib chiqish bo‘yicha qo‘mita yig‘ilishida mamlakatlar vakillarini faol ishtirok etishga chorladi. “Hozirgi vaqtda tobora jiddiy muammoga aylanib borayotgan qum-chang bo‘ronlariga qarshi kurashish maqsadida Samarqand deklaratsiyasini qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Turizm sohasida hamkorlikni kuchaytirish

IHT makonida YUNESKOning 90 ga yaqin Butunjahon merosi obyektlari joylashgan bo‘lib, tashkilotning a’zo mamlakatlariga har yili salkam 80 million xorijiy sayyoh tashrif buyurmoqda. “Transchegaraviy yo‘nalishlar tobora ommalashayotganini hisobga olib, qo‘shma turistik marshrutlarni joriy etish hamda „Ipak yo‘li“ sayyohlik brendi ostida umumiy sayyohlik dasturlarini ko‘paytirishni taklif etaman”, — dedi prezident.

O‘zbekiston rahbari IHT kotibiyati huzurida a’zo mamlakatlarning turizm ma’muriyatlari va yetakchi ekspertlardan iborat alohida Turizm bo‘yicha maslahat qo‘mitasini tashkil etish taklifini bildirdi. Prezident uning ilk uchrashuvini kelgusi yili IHT turizm poytaxti deb e’lon qilingan Shahrisabz shahrida o‘tkazish mumkinligini qayd etdi.

Madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish orqali do‘st xalqlarni yanada yaqinlashtirish

“Har yili mamlakatlarimizda navbat bilan Madaniyat, san’at va kino haftaliklarini o‘tkazib borish, yoshlarning ijodiy festivallari va innovatsion hamkorlik platformasini yo‘lga qo‘yish, fundamental ilmiy yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish aloqalarimiz rivojiga kuchli turtki bag‘ishlaydi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti ushbu sammit IHT a’zolaridan biri bo‘lgan Afg‘oniston ishtirokisiz o‘tayotganiga e’tibor qaratdi.

“Asrlar davomida bizga yon qo‘shni bo‘lgan ko‘p millatli Afg‘oniston xalqini bugungi murakkab muammolari qarshisida yolg‘iz qoldirib bo‘lmaydi. Ushbu mamlakatni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga faol jalb etish barqaror taraqqiyotimizning ajralmas va zaruriy shartidir. Barchangizni afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni ko‘paytirishga, ushbu mamlakatdagi o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni jamoaviy mas’uliyat va maqbul mexanizmlar asosida hal etishga chaqiraman”, — dedi davlat rahbari.

Oldinroq Shavkat Mirziyoyev IHT sammitidagi nutqida Falastin-Isroil urushining mintaqa bo‘ylab yoyilib ketish xavfi tobora real tus olayotganini aytgani haqida xabar bergandik. “Biz tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga, tinch muzokaralarni boshlash, oqilona murosaga kelishga chaqiramiz”, — degan prezident o‘z nutqida.