Shaxrux Shaturgunovich Sharaxmetov Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod etilishi mumkin. Shavkat Mirziyoyev 9-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda uning 2021-yil mart oyidan buyon egallab turgan lavozimiga loyiqligi masalasini o‘rganish bo‘yicha topshiriq berdi.

Yig‘ilishda yirik savdo tarmoqlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga teng sharoit yaratilmagani, ulardan mahsulot pulini olishdagi muammolar, aholida mahsulot sifati va narx-navosi bo‘yicha shikoyatlar ko‘pligi Raqobat qo‘mitasi faoliyatidagi jiddiy kamchiliklardan dalolat ekani ta’kidlandi.

Yig‘ilishda sut ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash masalasi ko‘rib chiqildi. Sariyog‘ eksportiga cheklovni bekor qilish, sut yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini ishlab chiqish bo‘yicha hukumatga topshiriq berildi.

Davlat rahbari yirik chakana savdo tarmoqlarida sotilayotgan quruq va tabiiy sutdan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni alohida belgilash amaliyotini joriy etish, ko‘chma go‘sht-sut shoxobchalarini tashkil qilish zarurligini ta’kidladi.