Yaponiya imperatori Naruxito O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Kamilovni “Chiqayotgan quyosh katta kordon” ordeni bilan mukofotladi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi “Gazeta.uz”ga xabar berdi.

“Chiqayotgan quyosh katta kordon” ordeni — Yaponiyaning eng qadimiy mukofotlaridan biri hisoblanib, Kamilovga davlatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan ko‘p yillik hissasi uchun berildi.

Ordenni Yaponiya imperatori Naruxito bosh vazir Fumio Kishido ishtirokida topshirdi. Orden Yaponiyadagi eng qadimgi (1875-yildan beri beriladi) va mamlakatning eng oliy mukofoti hisoblanadi.

Kamilov 2022-yil iyunidan beri prezidentning maxsus vakili bo‘lib ishlab kelmoqda.

Yaponiya elchixonasi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur (Nuriddinov) ham mazkur orden bilan taqdirlandi.

O‘tgan yilning noyabr oyida O‘zbekiston turizm va madaniy meros vaziri bo‘lib ishlagan Aziz Abduhakimov ham ushbu ordenni qabul qilib olgandi. Bu mukofotni birinchi bo‘lib Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev 2021-yilda olgan.