Toshkent viloyatida O‘rmon xo‘jaligi agentligi huzuridagi “Darxon” ilmiy-tajriba stansiyasi (dendropark)da noqonuniy tarzda egallab olingan binolar sud qarori bilan buzilmoqda. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov hamda Ekologiya vazirligi buzish jarayoni aks etgan videoni Telegram kanallariga joyladi.

oktabr oyida dendroparkda noqonuniy binolar qurilgani va qimmatbaho daraxtlar kesilgani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Jarayonda hududda idoralar, turar joy binolari va mebel sexlari (ular 2017-yildan buyon qurilib boshlangan) noqonuniy qurilgani, 85 tup qimmatbaho navli noyob yong‘oq daraxtlari kesib tashlangani, daraxtlarning 103 tupi esa mas’uliyatsizlik sabab qurib qolishiga olib kelingani aniqlangan.

Qonunchilikka ko‘ra, bunday xo‘jalikning yer fondi faqat kapital qurilish huquqisiz ijaraga va faqat ekologiya, o‘simlikchilik hamda o‘rmon xo‘jaligi va ekoturizmni rivojlantirish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish maqsadida berilishi mumkin.

Holatlar yuzasidan Bosh prokuratura Jinoyat kodeksining 198- (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) va 205- (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.