2023-yil 1-iyul holatiga O‘zbekistonning davlat qarzi 31,5 mlrd AQSh dollarni tashkil etib, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 36,8 foizni (davlat tashqi qarzi — 30,2 foiz) tashkil etdi. Shundan davlat tashqi qarzi — 25,9 mlrd AQSh dollar, davlat ichki qarzi — 5,6 mlrd AQSh dollar. Ushbu ma’lumotlar Iqtisodiyot va moliya vazirligining budjetnomasida keltirilgan.

Qayd etilishicha, Xalqaro valyuta jamg‘armasi o‘zining mamlakatlar iqtisodiyotiga bag‘ishlangan hisobotida O‘zbekistonning davlat qarzini “mo‘’tadil” deya baholagan.

davlat qarzi

Bugungi kunda davlat qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 36,8 foizni tashkil etayotgan bo‘lsa, mazkur ko‘rsatkich 2020-yilda 39 foizni, 2021-yilda 38 foizni, 2022-yilda esa 36,4 foizni tashkil etdi.

davlat qarzi

Dastlabki tahlillarga ko‘ra, o‘rta muddatda makroiqtisodiy hamda fiskal ko‘rsatkichlarning barqarorligi ta’minlangan sharoitda, davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbati 2024-yilda 37,0 foizni, 2025-yilda 37,4 foizni, 2026-yilda 37,9 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Bunda, davlat tashqi qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbati o‘rtacha 30 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

davlat qarzi

Davlat qarzini xavfsiz darajada saqlash va samarali boshqarish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan o‘rta muddatli istiqbolda quyidagi choralar ko‘rilishi ko‘zda tutilgan:

  • Davlat qarzi bo‘yicha yillik limitlarni belgilash amaliyotini davom ettirish;
  • milliy valyutada qarz mablag‘larini jalb qilish orqali valyuta xatarlarini kamaytirish. Bunda, davlat g‘aznachilik obligatsiyalarini chiqarishning cheklangan sof hajmini 2024-yilda 25 trln so‘m etib belgilash;
  • eng maqbul xarajat va xatar ko‘rsatkichlariga ega davlat qarzi portfelini shakllantirishga qaratilgan o‘rta muddatli davr uchun davlat qarzini boshqarish strategiyani ishlab chiqish va tasdiqlatish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
  • davlat qarzini to‘lashning o‘rtacha muddatini uzaytirish, shuningdek, davlat qarzini manbalar bo‘yicha diversifikatsiya qilish;
  • davlat g‘aznachilik obligatsiyalari bozoriga xalqaro investorlarni keng jalb qilish jarayonini jadallashtirish;
  • davlat qarzi bo‘yicha xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xatarlarning oldini olish, ularni bartaraf etish yoki kamaytirish;
  • davlat qarziga oid ma’lumotlar ochiqligini ta’minlash.

Avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2022-yil uchun davlat qarzi bo‘yicha sharhida mamlakat yil davomida qaysi tashkilotlardan qancha tashqi qarz olgani va qaysi sohalarga yo‘naltirgani bo‘yicha ma’lumot bergandi.