O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida AQShga noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan ayrim o‘zbek artefaktlarini vatanga qaytarishga yordam berishi kutilayotgan madaniy boyliklar bo‘yicha besh yillik hukumatlararo bitim imzolandi.

Hujjatni 7-noyabr kuni Toshkentdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyida Madaniy meros agentligi direktori Bahodir Abdikarimov va AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik imzoladi.

madaniy қимматликлар

“[Hujjat] O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida muzey ashyolari va madaniy qimmatliklarning noqonuniy aylanmasi hamda qaytarilishi borasidagi hamkorligini rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi va umid qilamanki, u o‘zaro manfaatli bo‘ladi”, — dedi BAhodir Abdikarimov imzolash marosimida.

Shartnoma, xususan, talon-taroj qilish xavfi borligi aniqlangan va maxsus ro‘yxatga kiritilgan arxeologik yoki etnologik ahamiyatga ega obyektlarni AQShga olib kirishga cheklovlar o‘rnatadi.

Bundan tashqari, ta’lim, madaniy va ilmiy maqsadlarda axborot va madaniy meros almashinuvi bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni yaratish, qo‘shma ko‘rgazmalar o‘tkazish nazarda tutilgan.

“Shubhasiz, madaniy meros, san’at asarlarini muhofaza qilish oson ish emas va buni yolg‘iz hal qilib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham mazkur kelishuv bugungi kunda juda muhim qadamdir. Biz O‘zbekiston merosini himoya qilish va uning boy tarixini dunyoga namoyish etish borasidagi sa’y-harakatlarimizda hamkorlik qilamiz deya umid qilamiz”, — dedi Jonatan Xenik.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib AQSh bilan madaniy boyliklar to‘g‘risida shartnoma imzoladi. O‘zbekistondan tashqari dunyoning yana 25 ta davlati AQSh bilan shunday shartnomalar tuzgan.

madaniy қимматликлар

Hujjatni imzolash masalasi ilk bor 2021-yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi Strategik sheriklik muloqoti yig‘ilishida ko‘tarilgan edi. Shundan so‘ng 2022-yil oktabr oyida AQSh Davlat departamenti Ta’lim va madaniyat masalalari byurosi Madaniy meros markazi delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi.