O‘zbekistonning “Navoiyuran” davlat korxonasi va Xitoyning China National Nuclear Corporation (CNNC) kompaniyasi o‘rtasida uran sanoati sohasida strategik hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi, deb xabar qildi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi matbuot xizmati.

Navoiy viloyati delegatsiyasi Pekinda tabiiy uran sanoatini rivojlantirish bo‘yicha birinchi xalqaro forumda ishtirok etdi. Tashrif doirasida CNNC vitse-prezidenti Shen Yanfen bilan uchrashuv tashkil etildi va u yerda hujjat imzolandi.

“Muloqotlar davomida uran sanoati bilan bog‘liq boshqa investitsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ham o‘zaro fikr almashildi”, — deyiladi xabarda.

Tashrif davomida Geologiya vazirligi va Navoiy viloyati vakillari gidrotermal uran konidagi yerosti rudalarini qazib olish va uran tarkibidagi rudalarni uyum bilan qayta ishlash faoliyati bilan tanishdi.

Eslatib o‘tamiz, “Navoiyuran” Navoiy kon-metallurgiya kombinatidan ajralib chiqqandan keyin — 2022-yildan buyon uran qazib olish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya 2022−2030-yillarda ishlab chiqarishni ikki barobarga — yiliga 7100 tonnagacha oshirishni rejalashtirmoqda.

Bundan bir necha kun avval tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov uran ishlab chiqarishning mavjud hajmlari allaqachon savdo bozorlarini topganini qayd etgandi. Yadro yoqilg‘isi ishlab chiqarish hajmi oshgani sari O‘zbekiston narxlar kon’yunkturasidan kelib chiqqan holda eksport qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi, deya qo‘shimcha qilgan u.