Toshkent shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammiti o‘tkazilishi sababli 8−10-noyabr kunlari ayrim avtobus yo‘nalishlarining faoliyatiga o‘zgartirishlar kiritiladi, deya xabar bermoqda “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi matbuot xizmati.

Kompaniya rahbari Anvar Jo‘rayev “Gazeta.uz”ga boshqarma mutaxassislari tomonidan ushbu kunlarda jamoat transporti uchun aylanma yo‘llar sxemalari tayyorlanayotganini ma’lum qilgandi.

Xususan, Islom Karimov ko‘chasining Furqat ko‘chasidan Olmazor ko‘chasigacha bo‘lgan qismi avtomobillar harakati uchun to‘liq yopilishi sababli quyidagi yo‘nalishlar:

  • 51-sonli yo‘nalish harakati Islom Karimov ko‘chasidan Afrosiyob, Beshyog‘och, Furqat ko‘chalari orqali vaqtinchalik o‘zgartiriladi;
  • 141-sonli yo‘nalish harakati Qoratosh ko‘chasidan Furqat, Alisher Navoiy, Olmazor ko‘chalari orqali vaqtinchalik o‘zgartiriladi;
  • 196-sonli yo‘nalish harakati Afrosiyob ko‘chasidan Beshyog‘och, Furqat, Alisher Navoiy ko‘chalari orqali, keyingi harakati o‘z yo‘nalishi bo‘yicha tashkil etiladi.

jamoat transporti, иқтисодий hamkorlik tashkiloti
Xarita: “Toshshahartransxizmat”

Qayd etilishicha, tadbir ishtirokchilarining belgilangan manzillargacha harakatlanishi jarayonida quyidagi yo‘nalishlarda oraliq interval vaqtlari va qatnov vaqtlarining ortib ketish holatlari yuzaga kelishi mumkin:

  • Bobur ko‘chasi orqali harakatlanuvchi 11, 40, 45, 47, 67, 76, 77, 94-sonli avtobus yo‘nalishlarida;
  • Nukus ko‘chasi orqali harakatlanuvchi 2, 12, 80, 81, 97, 127, 196-sonli yo‘nalishlarda;
  • Oybek ko‘chasi orqali harakatlanuvchi 57, 67-sonli yo‘nalishlarda;
  • Afrosiyob ko‘chasi orqali harakatlanuvchi 13, 196-sonli yo‘nalishlarda;
  • Sharof Rashidov ko‘chasi orqali harakatlanuvchi 30, 37, 57, 85, 97, 140-sonli yo‘nalishlarda;
  • Islom Karimov ko‘chasi orqali harakatlanuvchi 1, 19, 21, 51, 60, 67, 85-sonli yo‘nalishlarda;
  • Alisher Navoiy ko‘chasi orqali harakatlanuvchi 28, 30, 37, 44, 46, 57, 68, 78, 89, 91, 97, 115, 140-sonli yo‘nalishlarda.

jamoat transporti, иқтисодий hamkorlik tashkiloti
Xarita: “Toshshahartransxizmat”

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX)ning aniqlik kiritishicha, kortej o‘tayotganda piyodalar, velosipedchilar va skuterdagi odamlar yo‘lni kesib o‘ta olmaydi, biroq piyodalar yo‘lakchasida harakatlanishlari mumkin bo‘ladi.

YHXB, shuningdek, “aholi harakatlanishi xavfsizligi ichki ishlar organlari xizmatlari tomonidan kuchaytirilishini” ta’kidladi. PPX va YPX xodimlari ham kuchaytirilgan rejimda ishlaydi.

Uzbekistan Airports yo‘lovchilar va hamrohlik qiluvchi shaxslarga yopiq ko‘chalar hamda Toshkent xalqaro aeroportiga olib boruvchi aylanma yo‘llar ko‘rsatilgan xarita bilan tanishib chiqishni so‘radi. Shuningdek, parvozlarga kechikmaslik uchun aeroportga odatdagidan vaqtliroq jo‘nashni tavsiya qildi.

jamoat transporti, иқтисодий hamkorlik tashkiloti
Xarita: Uzbekistan Airports

Transport vazirligining qo‘shimcha qilishicha, zaruriyatdan kelib chiqqan holda yo‘lovlar tashish uzluksizligini ta’minlash maqsadida yo‘nalishlar harakatiga qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 8−10-noyabr kunlari Toshkentda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti bo‘lib o‘tadi. Unda Ozarbayjon, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya rahbarlari ishtirok etadi.