O‘zbekistonda 100 mingdan oshiq ulgurji iste’molchi (umumiy iste’molchining 28 foizi) va 648 mingta yangi xonadon elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (EHNAT)ga ulanmagan. Bu haqda o‘tgan hafta prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, aqlli hisoblagichlar o‘rnatilgani bilan, 170 mingdan ziyod abonentlarning avtomatlashgan tizim bilan aloqasi yo‘q. Davlat rahbari soha mutasaddilariga barcha ulgurji iste’molchilarni EHNAT tizimiga ulash bo‘yicha topshiriq berdi.

2021-yil oxirigacha 7 million iste’molchini EHNATga ulash va tizim qamrovini 100 foizga oshirish rejalashtirilgan edi. EHNATni O‘zbekistonning boshqa hududlarida joriy etish loyihasini amalga oshirish uchun Osiyo taraqqiyot bankining 300 million dollarlik kreditidan foydalanish belgilangandi.

Elektr hisoblagichlarni yetkazib berish uchun tendersiz “Elektron xisoblagich” (60 foizi Xitoyning Holley Technology kompaniyasi tegishli bo‘lib, u ham hisoblagichlar ishlab chiqaradi) va “Toshelektroapparat” mahalliy kompaniyalari tanlab olingan. 2019-yilning iyul oyida bitta qurilmani o‘rnatish “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasiga 770 ming so‘mga tushgan.

Yig‘ilishda ta’kidlanganishicha, so‘nggi besh yilda mazkur tarmoq va transformatorlarni modernizatsiya qilishga 4 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratildi. 2023-yilda Toshkent shahridagi energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha katta dastur boshlandi.

Shuningdek, har bir viloyatda kuz-qishni betalafot o‘tkazish uchun kamida 10 milliard so‘mdan zaxira shakllantirilmoqda. Bu mablag‘alar evaziga transformator, sim va boshqa ehtiyot qismlar yangilab boriladi.

Umuman, hududlardagi 33 mingta transformator va 122 ming kilometr elektr tarmoqlari eskirgan. Bu holat, ayniqsa, Toshkent, Namangan va Sirdaryo viloyatlarida ko‘p. 2023 yilning 9 oyida jami ishlab chiqarilgan elektrning 12 foizi yo‘qotilgan. 20 ta tumanda yo‘qotishlar hajmi respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan 1,5 barobar (18 foiz) ko‘p.

Davlat rahbari elektr energiyasidagi yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha hududiy elektr tarmoqlari korxonalari rahbarlari bilan birga viloyat prokurorlari ham javobgar bo‘lishini ta’kidladi.

Ayrim hududlarda qozonxona va issiqlik tarmoqlarini ta’mirlashda qoloqliklar borligi aytib o‘tildi. Ijtimoiy soha muassasalarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash holati ham yaxshi emas. Energiya sarfi yuqori bo‘lgan qozonlarni yangilash rejasi tibbiyot muassasalarida 62 foizga, bog‘chalarda 54 foizga, maktablarda 40 foizga bajarilgan, xolos.

Prezident 2023-yilda elektr energiyasi yo‘qotishlarini 1−2 foizga, 2026-yilga borib jami yo‘qotishlar hajmini 8 foizga tushirish shartligini ta’kidladi.