8-noyabrda O‘zbekiston hududiga nam va sovuq havo massasi kirib kelishi boshlanadi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet xizmati agentligi.

Dushanba, seshanba kunlari O‘zbekiston hududi iliq va biroz nam havo massalari ta’siri ostida bo‘ladi.

Respublika hududining katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi, faqat Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida bugun kunduzi ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati +19…+24 daraja atrofida bo‘ladi. Hafta o‘rtasida havo o‘zgaradi.

8-noyabrda hududning katta qismida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. 9-noyabrda Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yomg‘ir yog‘ishi saqlanib turadi.

Tog‘oldi va tog‘li hududlarda kuchli yomg‘ir yog‘adi. Baland tog‘larda yomg‘ir qorga aylanishi mumkin. 10-noyabrda respublikaning barcha hududlari bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi.

8−10-noyabrda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 13−18 m/s gacha kuchayishi mumkin. 8−9-noyabrda harorat +13…+18 darajagacha asta-sekin pasayadi, 10-noyabrda +15…+20 daraja bo‘ladi. 10-noyabrga kelib, harorat kechasi +3…+6 darajagacha pasayadi.

Toshkent shahrida 6−7-noyabr kunlari havo o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat +20…+23 daraja iliq bo‘ladi. 8-noyabrda kunning ikkinchi yarmida yomg‘ir yog‘adi. 9-noyabrda kechasi va ertalab yomg‘ir yog‘adi, kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi. Bu kunlarda harorat +14…+16 darajagacha asta-sekin pasayadi.

10-noyabrda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat +16…+18 daraja bo‘ladi, kechasi +3…+6 darajagacha pasayadi.