2024-yil 1-iyuldan tajriba tariqasida Kogon, Shirin, Yangiyer, Bekobod va Yangiyo‘l shaharlarida ichimlik va oqova suv ta’minoti tizimlari davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy sektorga berilflb. Tegishli qaror prezident tomonidan 24-oktabr kuni imzolandi.

“O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati va uning tarkibiga kiruvchi korxonalar negizida 2024-yil 1-aprelga qadar alohida yo‘nalishlar bo‘yicha quyidagi aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etiladi:

  • ichimlik suvni ishlab chiqarish va magistral tarmoqlar orqali suv yetkazib berish hamda suvni ishlab chiqarish va magistral tarmoqlar bilan bog‘liq bo‘lgan suv obyektlarini rivojlantirish, shuningdek, ekspluatatsiya qilishni ta’minlash bo‘yicha tashkilot;
  • ichimlik suv tarmoqlari orqali va transportda iste’molchilarga suv yetkazib berish, oqova suvlarni chiqarib yuborish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish, tegishli tarmoqlarni hamda oqova suv tizimlarini rivojlantirish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha aksiyadorlik jamiyati shaklida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hududiy ichimlik suv ta’minoti tashkilotlari.

Hujjatga ko‘ra, ichimlik suvi ta’minoti va oqova xizmatlari uchun tariflar ishlab chiqarish tannarxiga kiritilgan xarajatlar, tizimni rivojlantirish xarajatlari, moliyaviy xarajatlar, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlardan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.

Yangi obyektlar va ichimlik suvi ta’minoti va oqova tizimlarini loyihalashda tegishli hududning to‘liq qamrab olish darajasini hisobga olish talabi belgilanadi.

2024-yildan 2026-yilgacha bo‘lgan davrda quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:

  • Ichimlik suvi yetib borish qiyin bo‘lgan 813 ta hudud ichimlik suvi bilan ta’minlanadi;
  • 124,7 mingta xonadon to‘g‘ridan-to‘g‘ri ichimlik suvi tarmoqlariga ulanadi;
  • 130 ta аҳоли punktida ichimlik suvi ta’minoti davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish yo‘li bilan amalga oshiriladi;
  • 792 ming iste’molchi ichimlik suvi hisoblagichlari bilan jihozlanadi.

Hujjatda ichimlik suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi loyihalar doirasida xarid qilinadigan maxsus texnikalar, uskunalar va transport vositalari 2027-yil 1-yanvarga qadar utilizatsiya yig‘imidan ozod etilishi ham nazarda tutilgan.