7-oktabrdan beri G‘azo sektoridagi janglarda Birlashgan Millatlar Tashkilotining falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligining (UNRWA) 88 nafar xodimi halok bo‘ldi. Bu haqda BMT qo‘shma bayonotida so‘z boradi, deb xabar bermoqda Meduza.

“Bu — bitta konfliktda halok bo‘lgan BMT xodimlarining eng ko‘p soni”, — deya ma’lum qildi BMT.

Bayonotda aytilishicha, Isroil hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilda 1400 ga yaqin odam halok bo‘lgan, minglab odamlar yaralangan, 200 dan ortiq odam, jumladan, bolalar garovga olingan.

Tashkilotlar, shuningdek, G‘azo sektorida 9,5 mingga yaqin odam, jumladan, 3900 nafar bola o‘lgani haqida xabar bermoqda. Bu raqamlar G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga tayangan holda taqdim etilgan.

“Tomonlarni xalqaro gumanitar huquq bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga chaqiramiz. Biz garovga olingan barcha tinch aholini zudlik bilan va so‘zsiz ozod qilishga chaqiruvimizni takrorlaymiz… Qo‘shimcha yordam — oziq-ovqat, suv, dori-darmon va, albatta, yoqilg‘i — G‘azoga xavfsiz, tez va kerakli hajmda yetib borishi kerak… Biz zudlik bilan o‘t ochish to‘xtatilishni xohlaymiz. Oradan 30 kun o‘tdi. Yetar. Bu hoziroq to‘xtatilishi kerak”, — deyiladi bayonotda.

Hujjatni BMTning 17 ta muassasasi vakillari, jumladan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Gebreyesus, BMT bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Martin Griffits, BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari (OHCHR) Folker Tyurk, Xalqaro migratsiya tashkiloti (IOM) direktori Emi Poup, BMT bolalar jamg‘armasi (UNICEF) ijrochi direktori Ketrin Rassel va boshqalar imzoladi.

7-oktabr kuni HAMAS askarlari Isroilga hujum qilgan. Shundan so‘ng Isroil mudofaa kuchlari G‘azo sektoriga yirik hujumlar uyushtira boshlagan. oktabr oyi oxirida Isroil quruqlikdagi operatsiyaning “kengaytirilgani” haqida e’lon qildi va qo‘shinlar G‘azo sektorini qurshab olgani ma’lum qilindi.

oktabr oxirida BMT Bosh assambleyasining G‘azo sektorida o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyasiga 120 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston yoqlab ovoz bergandi. 14 ta mamlakat bunga qarshi chiqqan bo‘lsa, 45 ta mamlakat betaraf qolgan.