Italiya prezidenti Serjio Mattarella 9−11-noyabr kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keladi. Bu haqda Italiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Italiyaning Agenzia Nova axborot agentligi xabariga ko‘ra, Italiya prezidenti Janubiy Koreyaga ham tashrif buyuradi. Har ikki tashrif “Italiyaning Osiyodagi ishtirokini va hozirgi xalqaro panoramada katta strategik ahamiyatga ega ikki davlat bilan hamkorlikni mustahkamlash” maqsadida amalga oshiriladi.

“Mattarellaning tashrifi o‘tgan yilning iyun oyida imzolangan strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim hamda Italiya va Markaziy Osiyoning beshta davlati (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston) o‘rtasidagi maslahatlashuv mexanizmi doirasida Rim bilan munosabatlarni bosqichma-bosqich mustahkamlab borayotgan O‘zbekiston hukumati tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanmoqda”, — deyiladi agentlik xabarida.

Ta’kidlanishicha, Toshkent bilan hamkorlik Italiya uchun, ayniqsa, mamlakatning Yevropa va Uzoq Sharq, shuningdek, Rossiya va Xitoy kabi yirik mintaqaviy davlatlar o‘rtasidagi tarixiy bog‘lanish mintaqasida joylashgan strategik mavqeyi tufayli alohida ahamiyat kasb etadi.

“Shu nuqtai nazardan, Rim O‘zbekistonga G‘arb bilan munosabatlarni mustahkamlashda yordam berishi mumkin”, — deyiladi xabarda.

Ikki mamlakat investitsiyalarni himoya qilish va ilmiy-madaniy hamkorlik masaalalariga bag‘ishlangan qator muzokaralar o‘tkazadi. Mattarella va Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida 10-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan uchrashuvda ushbu muzokaralarning borishi baholanadi.

Shu kuni u Turin politexnika universitetiga boradi va tashrif Samarqandda yakunlanadi.

Italiya prezidentga davlat tashrifida uning qizi Laura hamda tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri o‘rinbosari Edmondo Chirielli hamrohlik qiladi.

O‘zbekistonga 1997-yilda Italiya prezidenti Oskar Luiji Skalfaro ham tashrif buyurgan.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida O‘zbekiston davlat rahbari Italiyaga rasmiy tashrif bilan borgandi.