Istiqbolli loyihalar milliy agentligi so‘nggi bir oy ichida O‘zbekistondagi to‘rtta sug‘urta kompaniyasining litsenziyasini bekor qildi.

12-oktabrda ILMA 1996-yil yanvarida ro‘yxatdan o‘tgan va ustav kapitali 20 mlrd so‘m bo‘lgan Unipolis kompaniyasining litsenziyasini bekor qildi. Uning mijozlari orasida “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “O‘zbekneftgaz” tizimidagi korxonalar va boshqa tashkilotlar bor edi.

Bungacha, 8-avgust kuni “Toshkent” Respublika fond birjasi aksiyalar narxi bir necha kun ichida ikki baravardan ortiq oshgani sababli Unipolis qimmatli qog‘ozlari bilan savdo va operatsiyalarni to‘xtatgan edi.

Bundan tashqari, 2018-yil aprel oyidan beri faoliyat yuritib kelayotgan hamda hayot sug‘urtasi, sog‘liq sug‘urtasi, sayohat sug‘urtasi va boshqa xizmatlar ko‘rsatuvchi Farovon Sug’urta kompaniyasiga nisbatan 30-oktabrdan litsenziyani bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Sug‘urta tashkilotining ustav kapitali 16 mlrd so‘mni tashkil etadi.

2019-yil aprel oyida ro‘yxatdan o‘tgan, ustav kapitali 46 mlrd so‘m bo‘lgan Sharq-Sug'urta kompaniyasi ham 31-oktabr holatiga ko‘ra litsenziyasidan mahrum bo‘ldi. U baxtsiz hodisalardan sug‘urta, avtomobil egalarining fuqarolik javobgarligini sug‘urtalash (OSGO) va boshqa xizmatlarni taqdim etadi.

3-noyabr kuni agentlik 1991-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan, ustav kapitali 35,2 mlrd so‘m bo‘lgan, 14 dan ortiq sug‘urta turlari bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi Asko-Vostok kompaniyasi litsenziyasini bekor qildi. Oxirgi litsenziya kompaniyaga 2022-yil 25-fevralda, ro‘yxatga olish guvohnomasi esa 2022-yil yanvarida berilgan.

Uning mijozlari orasida “O‘zsanoatqurilishbank”, “Hamkorbank” va mamlakatimizning boshqa moliya institutlari, yuridik va jismoniy shaxslar bor.

ILMA tomonidan qayd etilganidek, kompaniyalar ilgari tuzilgan sug‘urta shartnomalari bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishlari shart.

Agentlik avvalroq prudensial me’yorlarni buzgan sakkiz sug‘urta tashkilotiga 254,5 mln so‘m miqdorida jarima solgan edi.