8−9-noyabr kunlari Toshkent shahrida Shavkat Mirziyoyev raisligida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) o‘n oltinchi sammiti bo‘lib o‘tadi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tadbirda Ozarbayjon, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiyaning davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.

Kun tartibiga muvofiq, IHT doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiyaviy va gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish hamda ushbu ko‘p tomonlama tuzilma faoliyatini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Sammit dasturi doirasida O‘zbekiston yetakchisi qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.

Ma’lumot uchun, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga 1985-yilda asos solingan, uning doimiy faoliyat yurituvchi kotibiyati Eronning Tehron shahrida joylashgan. O‘zbekiston 1992-yilda IHTga a’zo bo‘lgan.

IHTning 15-sammiti Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida o‘tgandi. Unda Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, 500 mln aholi yashaydigan IHTga a’zo davlatlarini savdo va investitsiya sohalaridagi katta imkoniyatlardan to‘liq foydalanishga chaqirgan. Shuningdek, davlat rahbari ishtirokchilarni navbatdagi sammitda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga taklif etdi.

Avvalroq Toshkentda bo‘lib o‘tadigan sammit munosabati bilan bir qator markaziy ko‘chalarda transport harakati cheklanishi haqida xabar bergandik. Shahar markazida yuk mashinalari harakati ham qisman taqiqlanadi.