O‘tgan hafta poytaxtda “III Toshkent Aksilkorrupsiya forumi” bo‘lib o‘tdi. U Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, BMT Taraqqiyot dasturi, AQShning Davlat departamenti Giyohvand moddalarni nazorat qilish va huquqni muhofaza qilish byurosi, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyati, “Mintaqaviy Muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti hamkorligida tashkil etildi.

Forum doirasida “Gazeta.uz” muxbiri Bahodir Abdullayev Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanovdan korrupsiyaviy jinoyatlarni fosh etayotganlarni himoya qilish uchun qanday ishlar amalga oshirilayotgani haqida so‘radi.

“Biz 2021-yilda qonunchilikka korrupsiya haqida xabar beruvchilarni himoya qilish va rag‘batlantirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritgandik. Bunda ularni himoyaga olish, ma’lumot bergandan so‘ng ularni rag‘batlantirish mexanizmlarini ham joriy qilgandik. Bugun ko‘rib turibmizki, baribir jurnalistlar tomonidan masalalarni ko‘tarishda xavf bo‘lishi mumkinligini inobatga olib zamon ularni yana ham himoya qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirishni talab etyapti”, — dedi Akmal Burxanov.

“Shundan kelib chiqib biz bugungi kunda yangi qonun loyihasi ustida ish olib boryapmiz. Ya’ni korrupsiya bo‘yicha xabar berganlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishni rejalashtirganmiz. Bu qonun bilan biz ularni himoya qilish tartiblarini, kerak bo‘lganda ularning shaxsini sir saqlash va boshqa masalalarni tartibga solamiz”, — deya qo‘shimcha qildi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori.

Shuningdek, Akmal Burxanov jurnalistlar bugungi kunda turli surishtiruvlar o‘tkazish orqali korrupsiyaning yangi ko‘rinishlarini ochib berishda agentlikka yordam berayotganini, agentlik bularni o‘rganayotgani va mazkur holatlar jinoyat sifatida e’tirof etilyotganini qayd etgandi.

Ma’lumot o‘rnida, 2021-yil noyabr oyida O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun bilan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslarning qarindoshlari ham davlat himoyasida bo‘lishi belgilangandi (ilgari faqat xabar bergan shaxslar nazarda tutilgan).

Amaldagi Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun korrupsiyaviy holatlar bo‘yicha xabar berganlarni quyidagicha himoya qilishni nazarda tutadi:

  • Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi axborotni xabar qiluvchi shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari davlat himoyasida bo‘ladi.
  • Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar qiluvchi shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar xizmat sirini tashkil etadi hamda faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va shaxsning o‘zining, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi organ rahbarining yozma ruxsati asosida oshkor etiladi.
  • Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar qiluvchi shaxslarning hamda ularning yaqin qarindoshlarining hayotiga va sog‘lig‘iga haqiqiy tahdidni, ularga nisbatan zo‘rlik ishlatilganligini, ularning mol-mulki yo‘q qilinganligini yoki shikastlantirilganligini tasdiqlovchi yetarli asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, korrupsiyaga qarshi kurashishni amalga oshiruvchi organlar “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq ularni himoya qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rishi shart.
  • Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi axborotni xabar qiluvchi shaxslarning va ularning yaqin qarindoshlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar qilganligi sababli tajovuz qilishga, shuningdek ish beruvchi tomonidan ularning mehnatga oid huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi hamda bu qonunga ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘ladi.
  • Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar qiluvchi shaxslarni rag‘batlantirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Shuningdek, 2022-yilda “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun ham kuchga kirgan. Unda davlat fuqarolik xizmati sohasida korrupsiyaning oldini olish chora-tadbirlari ham ko‘zda tutilgan.