Uzbekistan Airports Sergeli tumanida yosh spotterlarning huquq-tartibot organlari tomonidan ushlanishi yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

“Voqea Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi Qumariq mahallasi hududida sodir bo‘lgan. Bolalar havo bandargohi chegaralarini buzmagan holda Toshkent xalqaro aeroporti panjarasi ortida turib samolyotlarni suratga olgan”, — deyiladi bayonotda.

“Uzbekistan Airports O‘zbekistondagi spotting harakatini qo‘llab-quvvatlaydi va yosh avlodni ushbu xobbi bilan shug‘ullanishiga to‘sqinlik qilmaydi”, — deydi kompaniya.

“Yil boshidan buyon Toshkent aeroporti hududida 30 ga yaqin rejali va rejadan tashqari spotting-turlar tashkil etildi. Shuningdek, joriy yilning 14-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan rejali kuzgi spottingda 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan 12 nafar bolalar qatnashganini ham alohida ta’kidlash lozim”, — dedi Uzbekistan Airports.

Kompaniya 2022-yil 26-yanvarda Vazirlar Mahkamasining “Avispottingni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan O‘zbekistonda spotting harakati rasman qonuniylashtirilganini eslatib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur qaror “Gazeta.uz”ning spotting harakati va ularga duch kelishi kerak bo‘lgan tushunarsiz taqiq va tahdidlar haqidagi maqolasidan so‘ng qabul qilingan edi.

Toshkentdagi rasmiy idoralar hozircha bolalarning hibsga olinishi yuzasidan hech qanday bayonot bermadi. Avvalroq bolalar ularni baqirib, so‘kishgani, do‘q-po‘pisa qilishib, texnikalarini olib ketishganini aytishganini xabar qilgandik. Olti nafar bolani mashinada boshqa joyga olib ketishgan

Ushlanganlarning “Gazeta.uz”ga aytishicha, voqea OAVda oshkor bo‘lgach, ularga nisbatan munosabat yumshagan.

Mamlakatda turli obyektlarni suratga olish bo‘yicha umumiy vaziyat yumshatilganiga qaramay, O‘zbekistonda ham shunga o‘xshash hodisalar ko‘p yillardan buyon sodir bo‘lmoqda. Suratga olish uchun spotterlar qo‘llaniladigan joylarda suratga olishni taqiqlovchi belgilar mavjud emas.