3-noyabr kuni Toshkent shahri sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida Urganchdagi mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan jinsiy aloqada bo‘lgan ikki sobiq amaldorga nisbatan sud hukmi o‘qildi, deya xabar bermoqda Oliy sud matbuot xizmati.

Sud hukmi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudining 2022-yil 6-sentabrdagi hukmining Xorazm viloyatining sobiq adliya boshqarmasi boshlig‘i A.M. va Yangiariq tumanining sobiq Favqulotda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i A.Q.ga oid qismi bekor qilindi.

Ular Jinoyat kodeksining oldingi tahrirdagi 128-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va 128−1-moddasi (O‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxsga moddiy qimmatliklar berish yoxud uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

Sobiq mansabdorlarning har biriga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida uzil-kesil 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shu tariqa sudlanuvchilarga nisbatan qo‘llanilgan garov tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, A.M. va A.Q. sud zalidan qamoqqa olindi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning sentabr oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tumani sudi Xorazm viloyati prokuraturasining viloyat adliya boshqarmasi sobiq boshlig‘i hamda Yangiariq tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi sobiq raxbarini 1,5 yilga ozodlikdan mahrum qilgan.

Jamoatchilik mehribonlik uyi rahbari 3 nafar voyaga yetmagan tarbiyalanuvchi qizni 10 oy davomida jinsiy aloqada bo‘lishga majburlagani haqida 31-mart kuni chiqarilgan Nemolchi.uz maqolasidan so‘ng xabar topgan.

Sud qarori esa O‘zbekistonda keng jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan. Bosh prokuratura jazo o‘ta yengil bo‘lganini tan olgan, Xorazm viloyati prokuraturasi ishni qayta ko‘rib chiqish va jazoni kuchaytirish maqsadida birinchi instansiya sudining qarori ustidan protest keltirgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudining apellyatsiya instansiyasi tomonidan ish qayta ko‘rib chiqilgan. 19-iyul kuni ish prokurorga qaytarilgan. Qo‘shimcha tergov jarayonida ular “yangi ayblov bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish va boshqa shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish masalasi”ni ko‘rib chiqishlari kerak edi.

Sud ishni ko‘rib chiqishni bir oyga to‘xtatgan. Avgust oyining oxirida ish sudga qaytarilgan.