2-noyabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida kutib oluvchilar uchun kutish zali ochildi. Umumiy maydoni 500 kv.m bo‘lgan alohida pavilon kelish zali yonidagi P2 avtoturargohida joylashgan, deb xabar berdi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Pavilonda kutib oluvchilar uchun o‘rindiqlar mavjud bo‘lib, yaqin kunlarda kafe va gul do‘koni ochiladi hamda savdo avtomatlari, bankomatlar, mobil qurilmalar uchun zaryadlash punktlari o‘rnatiladi.

uzbekistan airports, аэропорт, kutish zali

“Aytish joizki, qurilgan pavilon vaqtinchalik yechim hisoblanadi. Ayni paytda mavjud terminalni kengaytirish loyihasini ishlab chiqish yakuniy bosqichda bo‘lib, u yerda kutib oluvchi va kuzatuvchilar uchun barcha sharoitlar yaratiladi”, — deyiladi xabarda.

uzbekistan airports, аэропорт, kutish zali

Eslatib o‘tamiz, Uzbekistan airports fevral oyida anomal sovuqlar tufayli hukumat aeroportlarga kutib oluvchilarni terminal binolariga kiritishga ruxsat berganida 2 ta kutib olish zonasi qurish rejasini e’lon qilgandi. 2018-yilda qurilgan uchib kelish zali xalqaro standartlarga javob bermaydi, u yerda kutib oluvchilar uchun joy ajratilmagan. Ko‘p o‘tmay boshlangan qurilish ishlari hech qanday izohlarsiz birdan to‘xtatilgan.

O‘zbekistondagi aksariyat aeroportlar, jumladan, Toshkent aeroportining mahalliy terminali ham kutib olish joylarisiz ishlashda davom etmoqda. Odamlar har qanday ob-havoda keluvchilarni tashqarida kutishga majbur.