Samarqand shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Fransiya biznes forumida Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Fransiyaning “Airbus Helicopters” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Muzokara davomida Respublika tez tibbiy yordam tizimi uchun 10 ta Airbus N-145 rusumli tibbiy vertolyotlarni xarid qilish va Yevropa standartlariga mos tibbiy aviatsiya xizmatini tashkil etish muhokama qilingan.

Tomonlar bu sohaning moddiy-texnika bazasini yaratish hamda mutaxassislar tayyorlash, tog‘li va chekka hududlarda tibbiy aviatsiya xizmatini tashkil etish mexanizmlarini ishlab chiqish istiqbollarini ko‘rib chiqqan.

ссв, tibbiy вертолёт, франция

Bundan tashqari, forum doirasida vazir va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov biologik va onkologik preparatlarni shartnoma asosida ishlab chiqish va ishlab chiqarish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi “Boehringer Ingelheim” kompaniyasi raisi Kristian Vijsen bilan muzokaralar olib borgan.

Muloqot davomida respirator, yurak-qon tomir va onkologik xastaliklar, OIV, tromboemboliyalar, serebrovaskulyar kasallik, qandli diabet, gepatit hamda Parkinsonni davolashga mo‘ljallangan dori vositalarini ishlab chiqaruvchi mazkur kompaniya rahbariyati bilan mahalliylashtirish imkoniyatlarini chuqur o‘rganishga kelishib olingan.

Forum davomida SSV rahbariyati tibbiy kislorod generatorlari, tibbiy gaz qurilmalari va tizimlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi “Gaz sistem” kompaniyasi raisi Jan Eduard bilan o‘zaro hamkorlik masalalarini ham ko‘rib chiqqan.