Qozog‘iston hukumati Falastin xalqiga insonparvarlik yordami uchun 1 million dollar ajratadi. Bu haqda 3-noyabr kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida mamlakat rahbari Qosim-Jomart Toqayev ma’lum qildi.

“Hozir atrofimizdagi vaziyat og‘ir. Shimolda Rossiya va Ukraina o‘rtasida, Yaqin Sharqda — Isroil va Falastin o‘rtasida mojaro davom etmoqda. Afg‘onistonda esa beqarorlik. G‘arbda noqonuniy migratsiya muammosi tobora kuchayib boryapti. Bugun G‘azo sektoridagi tinch aholi, ayniqsa, bolalar va qariyalar qarama-qarshilik qurboniga aylanmoqda. Asosiy vazifa — ularning xavfsizligini ta’minlash. Shu munosabat bilan men Falastin xalqiga 1 million dollar miqdorida gumanitar yordam ko‘rsatishga qaror qildim”, — dedi Qozog‘iston rahbari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, “o‘nlab yillar davomida hal etilmagan dolzarb muammolarni zo‘ravonlik va terroristik harakatlar orqali hal qilish mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat”.

“Qozog‘iston bunday usullarni keskin qoralaydi. Vaziyatning kuchayishi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu munosabat bilan biz har qanday nizolarni faqat tinch muzokaralar va diplomatik muloqot yo‘li bilan hal qilishga chaqiramiz… BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarini qat’iy bajarish va xalqaro huquq normalariga rioya qilish muhim”, — dedi Toqayev.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Falastin xalqiga 1,5 million dollar miqdorida yordam ajratilishini ma’lum qilgandi. Davlat rahbari, shuningdek, Falastin-Isroil mojarosida o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan va “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyilini yoqlashini bildirgan.