Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 2-noyabr kuni Samarqandda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan muzokara yakunlari bo‘yicha chiqish qildi.

Fransiya rahbari prezident Shavkat Mirziyoyev siyosatini qo‘llab-quvvatlashini alohida ta’kidladi. “Hurmatli prezident, juda qisqa va ochiqchasiga gapiraman. 7 yildan beri ochiq siyosat olib borasiz: mintaqada tinchlik va barqarorlikka erishish, shuningdek, iqtisodiy taraqqiyot va barqarorlikni ta’minlash siyosati. Biz esa bu siyosatga ishonamiz, uni qo‘llab-quvvatlaymiz va amalga oshirishda sizga yordam bermoqchimiz”, — dedi u.

“O‘tgan yili sizni Parijda qabul qildim, u yerda Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutida ikkita ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi. Biz oldinga siljidik. 2021-yilda yo‘limizni belgilovchi va ko‘plab loyihalarni amalga oshirish imkonini beruvchi iqtisodiy yo‘l xaritasini imzoladik. Janob prezident va men hozirgina mamlakatlarimiz o‘rtasida strategik sheriklikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldik, [bu haqdagi hujjat] yil oxirigacha vazirlarimiz tomonidan tayyorlanadi”, — dedi Fransiya rahbari.

франция, эмманuэль макрон

Fransiya yetakchisining fikricha, bu mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanishiga olib keladi va O‘zbekiston va Fransiya kompaniyalari tomonidan amalga oshirilayotgan barcha ishlarga asos bo‘ladi.

“Men prezidentga aytdim: raqamlarga qaralsa, biz lozim bo‘lgan darajada emasligimizni [ko‘raman]. Agar savdo aloqalari nuqtai nazaridan qaralsa, biz [O‘zbekistonning tashqi savdosidagi mamlakatlar] orasida birinchi o‘ntalikka kiramiz, Fransiya esa mamlakatning 16-raqamli yetkazib beruvchisidir. Shuning uchun men kelgusi yilda [O‘zbekistonga import qiluvchilar]ning birinchi o‘ntaligiga va ikki yildan keyin birinchi beshlikka kirishni maqsad qilib qo‘yishimiz kerakligini aytdim”, — dedi Emmanuel Makron.

Fransiya prezidenti “agar biz o‘z oldimizga qo‘ygan kun tartibini amalga oshirsak”, bu maqsadga erishish mumkin, deb ta’kidladi. “Demakki, endi bu — ijro masalasi. Buni 2021-yilgi yo‘l xaritasi tufayli amalga oshirish mumkin bo‘ldi”, — dedi u.

Fransiya prezidenti konchilik sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratdi. Orano kompaniyasi Nurlikum Mining mahalliy qo‘shma korxonasi orqali uran qazib olish bo‘yicha pilot loyihani boshladi.

“O‘zbekiston hukumati bilan yaqin hamkorlikda tog‘-kon resurslarini rivojlantirish bo‘yicha ko‘p ishlarni amalga oshirishni istaymiz… hamda bu boradagi yo‘l xaritasi ustida hamkorlikda ishlamoqchimiz”, — dedi Makron.

Fransiya rahbari “Yangi Toshkent”ni rivojlantirishda fransuz kompaniyalari alohida rol o‘ynashini ta’kidlab, O‘zbekistonda o‘z faoliyatini kengaytirishni rejalashtirayotgan boshqa kompaniyalarga ham to‘xtalib o‘tdi.

Tomonlar mudofaa sohasidagi hamkorlikni ham muhokama qildi, qishloq va suv xo‘jaligida sheriklikni oshirishga kelishib oldi va madaniy meros sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi.

“Fransiya siz tomoningizda. Ko‘rib turganingizdek, biz ushbu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun barcha sektorlar va moliyaviy resurslarni safarbar qilmoqdamiz, buni Fransiya taraqqiyot agentligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan loyihalarning keng portfeli, shuningdek, Fransiya G‘aznachiligi kredit ajratish orqali amalga oshirganidek, davlat tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirishni safarbar qilish tasdiqlaydi. Shuningdek, biz ushbu sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston suveren fondi (Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi) va Fransiya davlat investitsiya banki o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatdik”, — dedi Makron.

франция, эмманuэль макрон

Fransiya prezidenti Shavkat Mirziyoyevga bergan va’dasida turgani uchun minnatdorlik bildirdi va “bugun O‘zbekistonda fransuz tili tobora ko‘proq o‘rgatilmoqda”.

“Biz kelgusi yilda muassasalaringizda fransuz tilini o‘rgatish bo‘yicha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ta’lim forumini o‘tkazishga qaror qildik… va biz ko‘proq o‘qituvchilarga fransuz tilini o‘rgatish niyatidamiz, shunda kerakli resurslarga ega bo‘lasiz, shuningdek, iqtisodiy sohadagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Madaniyat, ta’lim, oliy ta’lim masalalarida ham shunday qilamiz”, — dedi u.

Emmanuel Makron O‘zbekistonda “misli ko‘rilmagan daraja va miqdorda”bo‘lgan fransuz kompaniyalariga murojaat qildi.

“Aytmoqchimanki, Fransiya hukumati sizning strategiyangizga ishonadi va mamlakatingizga investitsiyalar kiritishni juda aniq e’lon qiladi. Bu ikki tomonlama siyosiy kafolat… Fransiyaning hech bir prezidenti Fransua Mitteran davridan [1994-yilda] beri mintaqaga tashrif buyurmagan. Bu mutlaqo to‘g‘ri emasdi. Biz buni tuzatamiz… Yashasin ikki mamlakatimiz o‘rtasidagi do‘stlik! Sizga omad tilaymiz!” — dedi Fransiya rahbari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Fransiya kompaniyalariga O‘zbekiston islohotlarni va ochiq iqtisodiyot siyosatini davom ettirishini kafolatlagandi. Respublikalar munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqmoqchi.