2-noyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Fransiya prezidentlari qo‘shma bayonot qabul qildi, deb xabar berdi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Hujjatda ikki davlat munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish niyati qayd etilgan.

Qo‘shma bayonotda ikki tomonlama hamkorlik holati va turli sohalardagi davlatlararo aloqalarni chuqurlashtirish istiqbollari baholanib, tomonlarning xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek, global va mintaqaviy muammolarni birgalikda hal etishga intilishi tasdiqlanadi.

Prezidentlar ishtirokida moliya, ta’lim, madaniyat va davlatlararo hamkorlikning boshqa sohalari bo‘yicha sakkizta ikki tomonlama hujjat imzolandi.

Jumladan:

  • “Samarqand fransuz alyansi”ni tashkil etish va uning faoliyati to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
  • O‘zbekistonda ichimlik suvi ta’minoti infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha hukumatlararo moliyaviy bayonnomalar (1- va 2-bosqichlar);
  • O‘zbekistonda Fransiya taraqqiyot agentligi va PROPARCO`ni tashkil etish va ularning faoliyati to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida bayonnoma;
  • tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida diplomatik kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya;
  • maktabgacha, maktab, professional va oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik bo‘yicha bayonnoma;
  • madaniy meros sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya;
  • professional va texnik ta’lim sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida kelishuv.

Shuningdek, tashrif doirasida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda SUEZ va Bouygues kompaniyalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiyalar imzolandi.