Germaniyaning Frankfurt-Mayn sudi rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga nisbatan jinoiy daromadlarni legallashtirishda ayblanib, tergov doirasida olib qo‘yilgan mol-mulkni saqlab turishni taqiqladi. Bu haqda tadbirkorning matbuot xizmati xabar berdi, deb yozmoqda “Interfaks”.

Sud Bosh prokuraturaning Usmonovga nisbatan olib borilgan tergov harakatlari davomida olib qo‘yilgan hujjatlar va mol-mulkni saqlab qolish to‘g‘risidagi qarorini noqonuniy deb topdi va ularni egalariga qaytarishni belgiladi.

2022-yilning kuzida prokuratura va federal jinoyat politsiyasi departamenti xodimlari Usmonovga aloqador bo‘lgan obyektlarda qator tintuvlar o‘tkazgan. Tintuvlar Tegernze ko‘lidagi villada va “Dilbar” (Dilbar) yaxtasida, shuningdek, Frankfurt-Mayn yaqinidagi biznesmenning do‘sti oilasining kvartirasida o‘tkazilgan.

May oyida Frankfurt sudi Usmonovga nisbatan pul yuvish bo‘yicha tergov doirasida to‘rtta qidiruv e’lonini bekor qilgan. Sud tintuvlar yetarlicha asoslanmagan degan xulosaga kelgan. Shundan so‘ng Usmonovning advokatlari tintuv chog‘ida olib qo‘yilgan mol-mulkni egalariga qaytarib berishni talab qilib, ariza bergan.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganidan keyin Alisher Usmonov boshqa ko‘plab rossiyalik tadbirkor va siyosatchilar singari Yevropa Ittifoqi, shuningdek, AQSh, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Kanada, Avstraliya va boshqa davlatlar tomonidan sanksiyalarga uchragan.

Germaniya rasmiylari Usmonovni pul yuvish, sanksiyalarga rioya qilmaslik va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashda gumon qilmoqda. Ma’lum qilinishicha, milliarder ishi bo‘yicha tintuvlar chog‘ida umumiy qiymati 5 million yevroga teng hujjatlar va 30 ta surat musodara qilingan.

Usmonov musodara qilingan suratlar, shuningdek, tintuv qilingan yaxta va villa bilan aloqasi borligini rad etgan. Bu mulkning barchasi u nazorat qilmaydigan fondlarga tegishli, degan milliarderning vakillari. Forbes jurnalining yozishicha, “Dilbar” yaxtasi Usmonovning singlisi Gulbahor Ismoilovaga tegishli.

2023-yil oktabr oyi boshida Germaniya politsiyasi va bojxona xodimlari Myunxen va Tegernze shaharlaridagi Yevropa sanksiyalari ostida qolgan rossiyalikga tegishli bo‘lgan bir qancha mulklarni tintuv qilgan. OAV xabarlariga ko‘ra, gap Usmonov haqida bormoqda. Tadbirkorning vakillari tintuvlar unga tegishli obyektlarda o‘tkazilganini rad etgan.