31-oktabr kuni Qashqadaryo viloyatining 2 ta tumaniga hokimlar tayinlandi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.

Jumladan, Muborak tumaniga endilikda Muxtor Qo‘ldoshevich Hayitmuradov hokimlik qiladi.

ботир тоғаев, муборак tumani, мухтор ҳайитмурадов, нишон tumani

U 1970-yilda G‘uzor tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat agrar universiteti va Bank-moliya akademiyasini tamomlagan. Tayinlovga qadar Nishon tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan.

Shu yilning iyul oyida O‘zbekiston prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari sifatida ishlagan Shuhrat G‘aniyev Muxtor Hayitmurodovni [Nishon tumani hokimi bo‘lgan vaqtida — tahr.] bug‘doydan bo‘shagan yerlarga qayta ekish bo‘yicha raqamlarni qo‘shib yozishda ayblagandi.

2021-yil iyun oyidan beri Muborak tumaniga Akrom Aripov rahbarlik qilib kelayotgandi.

Shuningdek, Botir Normahmadovich Tog‘ayev Nishon tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

ботир тоғаев, муборак tumani, мухтор ҳайитмурадов, нишон tumani

Tog‘ayev 1976-yilda Kitob tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat agrar universiteti va Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.

U 2023-yil 31-iyul kuni qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi. Avvalroq esa — 2020-yil oktabridan beri Qamashi tumani hokimi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.