Anvar Rasulovich Karimov 31-oktabr kuni Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumaniga hokim etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Tumanni boshqarib kelayotgan Farrux O‘ktamjonov boshqa ishga o‘tayotgani sababli o‘z lavozimidan ozod etilgan.

Anvar Karimov avgust oyidan buyon qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgandi.

Karimov 1977-yil Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan. 1998-yilda Guliston davlat universiteti hamda 2002-yilda Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.

Ish faoliyatini 1999-yil Sirdaryo viloyati Guliston shahri moliya bo‘limida boshlagan. 2009−2014-yillarda Moliya vazirligida bo‘lim boshlig‘i va boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan. 2014−2017-yillarda Sirdaryo viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i va 2017-yilda Sirdaryo viloyati hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelgan.

2017−2019-yillarda moliya vaziri o‘rinbosari, iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘rinbosari va Sirdaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimlarini egallagan. Shuningdek, iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari lavozimida ham ishlagan.

31-oktabr kuni Sirdaryo viloyatining Shirin shahri hokimi lavozimida ishlab kelgan Sarvar Sultonov Mirzaobod tumaniga hokim etib tayinlangandi.

Xuddi shu kuni qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Botir Tog‘ayev Qashqadaryo viloyati Nishon tumaniga hokim etib tayinlangan.