Prezident qaroriga asosan Iqboljon Odiljonovich Ergashev Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi, deya xabar bermoqda qo‘mita matbuot xizmati.

U 1981-yil 26-mayda Farg‘ona viloyati Quva tumanida tug‘ilgan. Farg‘ona davlat universitetini hamda Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabini tamomlagan.

2002−2010-yillarda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vazirligi viloyat boshqarmasida, 2010−2016-yillarda vazirlikning turli mas’ul lavozimlarida ishlagan.

2016-yildan 2021-yilgacha O‘zbekistonning Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchixonasi savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib faoliyat yuritgan.

Tayinlovga qadar Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari — viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlagan.

2021-yilning noyabr oyida Vazirlar Mahkamasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarni o‘zlashtirishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan ikki nafar vazir birinchi o‘rinbosari va uch nafar viloyat hokimi o‘rinbosariga intizomiy jazo choralarini qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilgandi. Ular orasida Iqboljon Ergashev ham bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasini 2022-yilning oktabridan 2023-yilning avgustigacha Baxrom Sharipov boshqargan.