O‘zbekiston hukumati va Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi o‘rtasida energetika kompleksi sohasida hamkorlik bo‘yicha strategik memorandum imzolandi, deb xabar qildi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Hujjatga ko‘ra, tomonlar gaz ta’minoti va tashish sohasida, shuningdek, uglevodorodlarni geologiya-qidiruv va qazib olish yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirmoqchi.

Memorandum Sankt-Peterburg xalqaro gaz forumi doirasida imzolangan. O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va “Gazprom” boshqaruvi raisi Aleksey Miller oktabr oyida boshlangan Rossiya gazini Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga yetkazib berish masalasini ham muhokama qilgan.

O‘zbekiston iste’molchilarini energiya bilan barqaror ta’minlashda “Markaziy Osiyo — Markaz” gaz quvurlari tizimi asosidagi maxsus ajratilgan yo‘nalish alohida o‘rin tutishi, bu, ayniqsa, kuz-qish mavsumida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.