Britaniyaning Collins English Dictionary lug‘ati 2023-yil so‘zi sifatida artificial intelligence (o‘zbek tiliga — sun’iy intellekt — SI deb tarjima qilinadi) tanladi. Bu haqda lug‘at veb-saytida ma’lum qilingan.
“AI — “inson aqliy funksiyalarini kompyuter dasturlari yordamida modellashtirish”ni tavsiflovchi atama”, deyiladi xabarda.
Lug‘at tuzuvchilari AI kelajakdagi texnologik inqilob sohasi deb hisoblanishini va bu haqda 2023-yilda ko‘p gapirilganini ta’kidladi.
Yil so‘zi uchun da’vogarlar orasida, shuningdek:
- nepo baby (mashhur kishilarning ota-onalariga o‘xshash martabalarda muvaffaqiyat qozongan farzandlariga nisbatan qo‘llanadi);
- ultra-processed (murakkab sanoat usullaridan foydalangan holda tayyorlangan [ovqatlar], ko‘pincha ozuqaviy qiymati kam yoki umuman bo‘lmagan ingrediyentlarni o‘z ichiga oladi);
- debanking (bank mijozning barcha hisoblarini yopishi jarayoni) va boshqalar.
Collins English Dictionary bu — Harper Collins nashriyoti tomonidan tayyorlanadigan ingliz tilining izohli lug‘ati. Tahririyat har yili yil so‘zini e’lon qilib boradi. Shunday qilib, 2022-yilda, lug‘atga ko‘ra, “permacrisis” (“permakrizis”) atamasi yil so‘zi bo‘lgan, bu “uzoq vaqt davomidagi beqarorlik va ishonchsizlik davri” degan ma’noni anglatadi.