O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024-yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Kelgusi yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 5,6−5,8 foiz, 2025−2026-yillarda esa mos ravishda 6,2 va 6,4 foiz bo‘lishi, o‘sish sur’atlari sanoatda 6 foiz, xizmat ko‘rsatish sohasida 6,1 foiz, qishloq xo‘jaligida 4 foiz bo‘lishi prognoz qilingan. Bu ko‘rsatkichlarga “har bir sohada boshlangan tarkibiy islohotlarni sifatli davom ettirish” orqali erishilishi kutilmoqda.

Skrin: 2024-yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasiSkrin: 2024-yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi

Inflyatsiya 2024-yilda 8−10 foiz, 2025-yilda 7,5−8,5 foiz, 2026-yilda 5,7 foiz bo‘lishi kutilmoqda.

Loyihada o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan soliq-budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari keltirib o‘tilgan.

Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 2024-yilda YAIMning 4 foizi, 2025−2026-yillarda esa YAIMning 3 foizi chegarasida bo‘lishi kutilmoqda. Hozircha hukumat taqchillikni 3 foiz chegarasigacha qisqartira olmadi, garchi bunday maqsad 2022-yildan beri davlat budjetida tasdiqlanib kelinayotgan bo‘lsada.

Hujjatda qayd etilishicha, budjet taqchilligini qisqartirish iqtisodiyotdagi yalpi talabning o‘sishini tartibga solishga, shuningdek, tashqi savdo balansining salbiy taqchilligi va inflyatsiya bosimini kamaytirishga yordam beradi.

Asosiy soliq stavkalari o‘rta muddatli istiqbolda o‘zgarishsiz qoladi. Shu sababli, daromadlarni oshirish uchun budjet daromadlari bazasini kengaytirish, berilgan soliq va bojxona imtiyozlarini ularning samaradorligi va natijadorligidan kelib chiqqan holda qayta ko‘rib chiqish va bosqichma-bosqich bekor qilish ko‘zda tutilgan.

Soliq va budjet siyosatini Jahon savdo tashkiloti talablariga bosqichma-bosqich muvofiqlashtirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, davlat qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 60 foizlik makroiqtisodiy xavfsiz darajadan, o‘rta muddatli istiqbolda esa yalpi ichki mahsulotga nisbatan 50 foizdan oshmasligini ta’minlash bo‘yicha barcha choralar ko‘riladi.

Hujjat bilan yillik budjetni shakllantirishda “natijaga asoslangan budjet” tizimini bosqichma-bosqich to‘liq joriy etish, inson kapitalini rivojlantirishga yo‘naltirilgan xarajatlarning ustuvorligini ta’minlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilishning manzilliligini kuchaytirish, ish haqi va pensiyalarni inflyatsiya darajasidan kam bo‘lmagan miqdorda oshirish, budjetning ochiqligini ta’minlash va budjetni shakllantirishda fuqarolar ishtirokini yanada oshirish, davlat sektorida ichki nazorat va ichki auditni takomillashtirish va kuchaytirish taklif etilmoqda.

Davlat budjeti loyihasini tayyorlash hamda ko‘rib chiqishda Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini aks ettirish, “yashil budjetlashtirish” tamoyillarini bosqichma-bosqich joriy etish, davlat investitsiyalarini boshqarishni baholash mezonlariga (PIMA) muvofiqligini ta’minlash, atrof-muhit va tabiat muhofazasi, iqlim o‘zgarishiga moslashish tadbirlarining, suv sarfini kamaytirish va iqtisod qilib ishlatilishini rag‘batlantiruvchi tadbirlarni ustuvorligini ta’minlash, barcha sohlarda budjet xarajatlarini optimallashtirish, iqtisod qilinadigan mablag‘larini yuqori samara beradigan ijtimoiy-iqtisodiy tadbirlarga yo‘naltirish rejalashtirilmoqda.

Davlat budjeti daromadlari va xarajatlari

davlat budjeti, davlat budjeti-2024

Ushbu maqsad va yo‘nalishlardan kelib chiqib, budjetlararo transfertlarni hisobga olmaganda, 2024-yil uchun konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 375,04 trln so‘m, xarajatlari 427,55 trln so‘m bo‘lishi kutilmoqda. budjetning o‘zining daromadlari esa 270,3 trln so‘mni, xarajatlari 279,6 trln so‘mni tashkil etadi.

Davlat maqsadli jamg‘armalarining daromadlari 55,4 trln so‘m, xarajatlari 86,8 trln so‘m miqdorida bo‘lishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, mazkur jamg‘armalarga respublika budjetidan 33,1 trln so‘m transfertlar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Pensiya jamg‘armasining budjetdan tashqari tushumlari 46,8 trln so‘m, xarajatlari 63,1 trln so‘m bo‘lishi kutilmoqda.

Davlat dasturlari bo‘yicha tashqi qarzlar hisobidan rejalashtirilgan xarajatlar 11,8 trln so‘mni tashkil etadi.

Konsolidatsiyalashgan budjetning taqchilligi (davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘larini o‘z ichiga oladi) 52,5 trln so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foizdan oshib ketmasligi lozim.

Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari 40,8 trln so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3,1 foizlik taqchillik bilan rejalashtirilgan.

Taqchillik davlatning ichki va tashqi qarzlari, davlat aktivlarini xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘lar va boshqa manbalar hisobidan qoplanishi rejalashtirilgan.

“2024-yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining bu miqdorda belgilanishi jahon iqtisodiyotidagi noaniqlik va geosiyosiy vaziyatning mamlakat iqtisodiyotiga ta’sirini yumshatish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, aholining to‘lov qobiliyati pasayishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha chora-tadbirlarga qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltirish, shuningdek, tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish imkonini beradi”, — deyiladi loyihada.

Kelgusi yilda O‘zbekiston qarz evaziga ko‘proq kredit jalb qilishi mumkin. Joriy yilda davlat kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish chegaralari 4,5 mlrd dollar bo‘lgan bo‘lsa, kelgusi yilda 5 mlrd dollarni tashkil etadi. Shundan 2,5 mlrd dollari davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga, 2,5 mlrd dollari esa investisiya loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Davlat qarz portfelini diversifikatsiya qilish va valyuta risklarini kamaytirish maqsadida O‘zbekiston nomidan muomalaga chiqarilgan davlat qimmatli qog‘ozlarining maksimal sof hajmini 2024-yil uchun 25 trln so‘m (2023-yil uchun 17 trln so‘m edi) miqdorida belgilash rejalashtirilmoqda.

2024-yilda og‘irligi 10 tonnadan ortiq yuk avtomobillari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida (1,65 mln so‘m) miqdorida yo‘l yig‘imini joriy etish rejalashtirilmoqda.

budjetlararo munosabatlarni tartibga solish, mahalliy budjetlarning daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi balansni saqlash maqsadida mahalliy soliq organlari, Kadastr agentligi hududiy organlarini va xalq qabulxonalarini saqlash xarajatlarini hamda sud boshqaruvchilari mehnatiga haq to‘lash xarajatlarini mahalliy budjetlarga o‘tkazish taklif etilgan.

Bolalar nafaqalari va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam to‘lash, Aholini ijtimoiy himoya qilish milliy agentligining (mehribonlik va “Muruvvat” uylari, voyaga etmaganlar bilan ishlash sektorlari va oilaviy mehribonlik uylari) tashkilotlarini, shuningdek, suv xo‘jaligi tashkilotlari va mahallalarni saqlash xarajatlari NNT sifatida respublika budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda endilikda davlat budjetining har bir moddasi bo‘yicha aniq shaxslar javobgar bo‘lishini aytgandi. U, shuningdek, budjet intizomini kuchaytirish bo‘yicha o‘zgartirishlar qabul qilish topshirig‘ini bergan va agar budjet mablag‘laridan foydalaniladigan bo‘lsa to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishni taqiqlagandi.

Loyiha bilan batafsil bu havola orqali tanishish mumkin.