Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatidagi ixtisoslashtirilgan maktablardan birining o‘qituvchisi o‘quvchini dars paytida do‘pposlayotgani aks etgan video tarqaldi.

Unda erkak o‘qituvchi o‘g‘il bolaning yuziga va yelkasiga bir necha marotaba tarsaki tushirgani, so‘ngra “sen kimsan?” deya, kiyimidan ushlab, yerga uloqtirganini ko‘rish mumkin.

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holat 30-oktabr kuni Bog‘ot tumanidagi 2-IDUMda sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

Boshqarma xabariga ko‘ra, tarix fani o‘qituvchisi Q.H. 9-sinf o‘quvchisi M.B.ni “qayta-qayta ogohlantirishiga qaramasdan, dars mashg‘ulotiga tayyorgarliksiz kelgani uchun” kaltaklagan. Holat boshqa bir o‘quvchi tomonidan tasvirga olinib, ijtimoiy tarmoqqa joylangan.

Ertasi kuni ushbu xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi uning xohishiga ko‘ra bekor qilingan.

Bolalar ombudsmani voqea yuzasidan munosabat bildirarkan, holat nazoratga olinganini va bu borada bolaning manfaatlarini himoya qilish yuzasidan zarur choralar ko‘rilishini bildirdi.

“O‘qituvchi tomonidan bolaga nisbatan bunday noma’qul muomalada bo‘lishi, uni urishi, tahqirlashiga hech bir holatda mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, — deyiladi ombudsman xabarida.

Bog‘ot tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq Surxondaryodagi 4-maktabda ham o‘quvchi kaltaklanishi sodir bo‘lgani va buning ortidan maktab direktorining ikki o‘rinbosari, sinf rahbari va ingliz tili fani o‘qituvchisi ishdan bo‘shatilgani ma’lum qilingandi. Ijtimoiy tarmoqlarda video tarqalgach, maktab direktori ham lavozimidan ozod qilingan.

Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 245-umumta’lim maktabida 2-sinf o‘quvchisini urgan o‘quvchi A.A. bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Urgut tumanida maktab direktori o‘quvchini urgani sababli uning quloq pardasi yirtilgan. Voqeaga sinfxonada bolalarning paqildoq portlatishi sabab bo‘lgan. Sud hukmiga ko‘ra, sobiq direktorga nisbatan 2 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Shuningdek, uning 3 yilga ta’lim sohasida mansabdor sifatida ishlashi taqiqlangan.