O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hududlarda elektr energiyasi o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq vaziyatni tanqid qildi, deya xabar qildi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Misol uchun, Karmanadagi qurilishi yakunlanmagan binoda 452 ta mayning qurilmasi o‘rnatilgani oqibatida 10 oy davomida qariyb 5,5 mln kVt·s elektrdan noqonuniy foydalanilgan. Buning oqibatida davlatga 24,4 mlrd so‘m zarar yetkazilgani avval xabar qilingan edi. Bu yil boshidan buyon viloyatda ochilgan uchinchi mayning fermasidir.

Karmana tumani hokimi, prokurori, departament boshlig‘i, ichki ishlar, elektr tarmoqlari rahbarlari 10 oyda hududda shuncha elektrdan o‘g‘irlikni payqamagani, tumanda oylik iste’mol birdaniga 5 foizga oshganini tahlil qilmagani tanqid qilindi, deyiladi xabarda.

Ushbu rahbarlarning barchasi ishdan olinishi belgilandi, Bosh prokuraturaga ularning harakatiga baho berib, qonun ustuvorligini ta’minlash topshirildi.

Mutasaddilarga o‘g‘irliklar eng yuqori bo‘lgan hududlarda noqonuniy iste’molga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlab, ularni bartaraf qilish bo‘yicha tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, elektr energiyasidan yagona elektr energetika tizimiga ulangan holda foydalanilganda maynerlar elektr energiyasi uchun to‘lovni 2 baravar, tarmoqqa noqonuniy ulanishda esa 5 baravar oshirilgan koeffitsiyenti bilan to‘lashlari shart. Iste’mol hajmi oshgan davrlarda elektr energiyasi iste’moli uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tariflarga qo‘shimcha to‘lovlar qo‘llaniladi.