Noyabr oyi boshida prezident Makron Qozog‘istonga va O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bloomberg`ning qayd etishicha, safardan maqsad Markaziy Osiyodan energiya yetkazib berish orqali Fransiyaning energetik xavfsizligini mustahkamlashdan iborat.

Fransiya Rossiyaning qazib olinadigan yoqilg‘i importiga qaramlikni kamaytirishga intilmoqda.

Yadro yoqilg‘isining yangi yetkazib beruvchilarini topish zarurati Yevropa bozoriga uranning ikkinchi yirik eksportchisi bo‘lgan Nigerda iyuldagi davlat to‘ntarishidan keyin kuchaydi. Yaqinda Fransiyaning Orano kompaniyasi harbiy xuntaga qarshi xalqaro sanksiyalar joriy etilishi bilan bog‘liq logistik muammolar tufayli Nigerda uran rudasini qayta ishlashni to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

Yelisey saroyi vakiliga ko‘ra, Emmanuel Makron energetika, qishloq xo‘jaligi va tog‘-kon sanoati sohalarining 15 nafar biznes rahbarlaridan iborat delegatsiya bilan Markaziy Osiyoga boradi.

Xususan, Electricite de France SA kommunal kompaniyasi va yadroviy reaktorlarni qurish bo‘yicha ekspertiza bilan shug‘ullanuvchi Assystem SA injiniring kompaniyasi vakillari keladi.

Spot`ning yozishicha, 2022-yilda O‘zbekiston Yevropaga uran eksportini qariyb uch baravarga — 441 tonnagacha oshirgan. Bunga Yevropa kompaniyalarining Rossiyadan olinadigan yadro yoqilg‘isini boshqa mamlakatlardan yetkazib beriladigan alternativi bilan almashtirishi turtki bo‘ldi.