O‘zbekistonda jismoniy shaxslar qiymati 100 million so‘mgacha (8,2 ming AQSh dollariga yaqin) bo‘lgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan mamlakat bojxona hududidan olib chiqishga ruxsat berildi.Bu haqda Adliya vazirligi O‘zbekiston prezidentining 31-oktabrdagi farmoniga tayangan holda xabar qildi.

100 million so‘m va undan ortiq bo‘lgan zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqishi mumkin.

Bungacha qiymati 5 ming dollardan ortiq bo‘lgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirgan holda O‘zbekistondan tashqariga olib chiqishga ruxsat berilgan.

Shuningdek, hukumat qarori (283-son, 14.05.2020 y.) bilan tasdiqlangan nizomga kiritilgan ko‘shimchaga ko‘ra, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi YATTlarga zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirgan holda ma’lumotlarni TSOYAEAT (Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimi) kiritmasdan O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga tijorat maqsadlarida olib chiqishga ruxsat beriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil 7-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev 1-dekabrdan jismoniy shaxslarga 10 ming dollargacha bo‘lgan zargarlik buyumlarini chetga olib chiqishga ruxsat berishni topshirgan edi.

2019-yil may oyida zargarlar o‘z mahsulotlarini mustaqil sinovdan o‘tkazish, o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni chakana savdoda sotish, shuningdek, aholidan qimmatbaho metallar, qimmatbaho toshlar parchalari va ishlab chiqarish maqsadidagi buyumlarni sotib olish huquqiga ega bo‘lgan.