Poytaxtda Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti hududida yer osti avtoturargohiga ega ko‘p qavatli turar-joy va tadbirkorlik majmuasi qurilishini boshlashga tayyorlanayotgan kompaniya hamda aholi o‘rtasidagi qarama-qarshilik davom etmoqda. “Gazeta.uz” yozda yuz bergan voqealar haqida batafsil yozgan edi (rus tilida).

Majmua, loyihaga ko‘ra, 1900 dan ortiq xonadonga ega bo‘lishi kerak (shuncha miqdordagi yer osti to‘xtash joylari bilan). Buyurtmachi — Biopharm Plyus farmatsevtika kompaniyasi. Mas’ul idoralar tomonidan berilgan taqiqlarga qaramay, hududda qurilish texnikalari ishlamoqda, yuk mashinalari bu yerdan tuproq olib ketmoqda.

Mazkur holat institutda kuydirgi va boshqa xavfli kasalliklarga qarshi vaksinalar ishlab chiqarilgani, shuningdek, muassasa saytida taqdiqlanishicha, hayvonlar ustida tajribalar o‘tkazilgani sababli “Shayx Shibli” mahallasi aholisini jiddiy tashvishga solmoqda. Hududda chorva mollari qabristonlari va Bekkari o‘ralari bo‘lgan, chiqindilar bu yerdan olib chiqilmagan va shu joyning o‘zida utilizatsiya qilingan.

Hozirda rasmiy idoralar so‘rovlarga chorva mollari qabristonlari va Bekkari o‘ralarining joylashuvi haqida hech qanday ma’lumotga ega emasmiz deya javob berishmoqda. Rasmiy o‘lchovlar kuydirgi va boshqa xavfli kasalliklarning yo‘qligini ko‘rsatadi. Ammo aholi va institutning sobiq xodimlari namunalar noto‘g‘ri olinganini da’vo qilmoqda. Aholi bong urishda davom etib, turli idoralarga murojaat qilib, qurilishning oldini olishga harakat qilmoqda.

“Gazeta.uz"ga ma’lum bo‘lgan so‘nggi yangiliklarga ko‘ra, faollardan biri mitingga chaqirganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirilgan, mahallaning uch nafar fuqarosi esa sud qarori bilan jarima to‘lashi kerak.

“Moddiy manfaatiz yo‘q, foydamiz — hayotning o‘zi”

Avval yozganimizdek, 13-aprel kuni Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va aholi salomatligini muhofaza qilish qo‘mitasi xodimlari Prezident administratsiyasi topshirig‘iga ko‘ra qurilishi rejalashtirilayotgani munosabati bilan institut hududidagi 10 ta joydan tuproqda xavfli qo‘zg‘atuvchilar mavjudligini aniqlash maqsadida namunalar olgan. Xizmat hududda bunday vo‘zg‘atuvchilar mavjud emas degan xulosaga kelgan.

Institut xodimlari va mahalla aholisi namuna olish usulidan norozi bo‘lgani sababli 30-may kuni SES yana tuproq namunalarini olgan. Bu safar — mahallaning to‘rt nafar fuqarosi ishtirokida. Ular orasida bo‘lgan Akbar Muxitdinov namunalar olgan joylarni ko‘rsatdi. Ammo bu safar ham, aholining fikricha, namunalar me’yorlar buzilgan holatda olingan.

“Ekskavator keldi. Ular Mufel pechini, tozalash inshootini buzishdi — ashyoviy dalillarni yo‘q qilishdi”, — deydi muqimlardan Darina Yo‘ldosheva.

30-may kuni namunalar olingan video kadr. Ekskavator tozalash inshootidan tuproqni kovlab chiqarmoqda.30-may kuni namunalar olingan video kadr. Ekskavator tozalash inshootidan tuproqni kovlab chiqarmoqda.

“Namunalarni ekskavator yordamida olish mumkin emas. Tartiblari bor. Uni maxsus namuna oluvchi uskuna bilan olish kerak. Men har 25 sm dan 10 m chuqurlikdan namuna olishlarini so‘radim. Namunalarni burg‘ulovchi mashina pastga tushgani sari bosqichma-bosqich olish kerak edi”, — deydi Akbar Muxitdinov.

Aholi tahlil natijalarini ikki oy kutishdi. “Gazeta.uz” Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va aholi salomatligi qo‘mitasiga tahlil natijalarini taqdim etish so‘rovi bilan murojaat qildi.

Qo‘lga kiritilgan hujjatga ko‘ra, 0,8−3 m chuqurlikdagi mufel pechi, tozalash inshootining ichki qismi va “shubhali qoramollar qabristonlari” yonidan jami 12 ta namuna olingan. Barchasi 0,2 kg dan. Aprel xulosasida bo‘lganidek, bayonnomada sibir kuydirgisini qo‘zg‘atuvchi B.anthracis (antraks) va boshqa xavfli kasalliklarni keltirib chiqaruvchilar aniqlanmagani qayd etilgan.

30-maydagi mufel pechi yaqinidan namunalar olinganida qayd etilgan videodan lavha. Aholi pech buzib tashlanganini da’vo qilmoqda.30-maydagi mufel pechi yaqinidan namunalar olinganida qayd etilgan videodan lavha. Aholi pech buzib tashlanganini da’vo qilmoqda.

Namunalar olingan kuni Darina Yo‘ldosheva mashinasi bilan ekskavator yo‘lini to‘sib qo‘ygan. Aholi mahalla hududiga yuk mashinalarining kirib kelishini taqiqlovchi yo‘l belgilarini o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Ular barcha sa’y-harakatlarini o‘zlarining va toshkentliklarning salomatligi borasidagi xavotirlari bilan izohlashdi.

“Hech qanday moddiy manfaatimiz yo‘q, foydamiz — hayotning o‘zi”, — deydi Darina Yo‘ldosheva.

Ko‘rsatmaga qaramasdan, qurilish davom etmoqda

Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi 7-yanvar kuni “Quyi qavatlarida savdo va maishiy inshootlari bo‘lgan ko‘p qavatli turar joy majmuasini rekonstruksiya qilish va qayta profillash” loyihasiga ijobiy xulosa berdi.

Qurilishga tayyorlash ishlari iyul oyida boshlandi. Aholining so‘zlariga ko‘ra, institut hududidan katta hajmdagi tuproq olib chiqilmoqda, gidrobolg‘a ishlatilmoqda, binolardan biri buzib tashlanmoqda.

“Institut hududidan katta miqdordagi xavfli tuproq shaharga olib chiqib ketildi. Bu ishlar tizimsiz ravishda amalga oshirilyapti. Tuproq olib ketayotgan haydovchilar bilan suhbatlashdik. Ularga bu qanchalik xavfli ekanligini tushuntirdik”, — deydi Darina Yo‘ldosheva.

sentabrda Qurilish vazirligi huzuridagi Toshkent shahar qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan aholi murojaatiga ko‘ra qurilish ishlari o‘rganib chiqilgan. 3-oktabr kuni instpeksiya tomonidan “hudud to‘siq devori bilan o‘ralgan, qurilish-montaj ishlari boshlanmagan, rejalashtirilgan qurilish uchun mavjud binolarni tozalash va buzish ishlari olib borilmoqda” degan javob berilgan.

Hujjatda, shuningdek, Biopharm Plyus qurilish-montaj ishlari boshlangani haqida inspeksiyani xabardor qilmagani, shu sababli yer qazish ishlari to‘xtatilgani ham qayd etilgan.

5-oktabrda aholi ishlar davom etayotgani haqida xabar berishdi. 27-oktabr kuni “Gazeta.uz” muxbiri ham mazkur hududda qurilish ishlari olib borilayotganiga amin bo‘ldi.

Qanday qilib faollar javobgarga aylanishdi?

Iyul oyida Darina Yo‘ldosheva ilmiy-tadqiqot instituti hududidan tuproq olib chiqila boshlaganidan xabar topdi. U epidemiologik xavf haqida ogohlantiruvchi videoni yozib olib, uni 400 nafarga yaqin mahalla guruhiga joylashtirdi. Video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Darina Yo‘ldosheva videoni o‘zi boshqa kanallarda tarqatmagani va tarqatish maqsadida yozmagani bilan izohlaydi. Oy oxirida esa uni Yunusobod tumani ichki ishlar bo‘limiga “profilaktik suhbat” o‘tkazish uchun chaqirishgan.

“Uchrashuvga bordim. Menga videomni ko‘rsatishdi. Xonada besh kishi bor edi. Hammasi meni qo‘rqitmoqchi bo‘lib: „Miting nimaligini bilasizmi?“ deyishdi, men hech kimni mitingga chaqirmaganimni aytdim. Men „miting“ so‘zini ishlatmadim. Ehtimol, bu boshqa videoga tegishlidir, unda men ruxsat etilgan miting o‘tkazish uchun ariza qoldirish uchun Adliya vazirligiga qanday borganimni aytib berdim. Men hech qachon odamlarni mitingga chaqirmaganman”, — deydi faol.

O‘sha kuni u mitinglarga chaqirish qanday oqibatlarga olib kelishidan xabardor qilingani haqida tushuntirish xati yozib bergan.

“25-oktabr kuni Shuhrat Saidovning (Biofarm Plyus direktori o‘rinbosari — tahr.) arizasi asosida meni yana chaqirishdi. Uning arizasi odamlarni ruxsat etilmagan mitingga chaqirganim haqidagi asossiz ayblovdan iborat edi. Birinchi kundanoq men har doim qonun bo‘yicha ishlaymiz, dedim, nazariy jihatdan sudga borishning hojati yo‘q, qonunlarda hammasi yozilgan”, — dedi Darina Yuldasheva.

Mahalla muqimlaridan Nodir Najimovning qo‘shimcha qiladi: “Mitingga chaqirmoqchi bo‘lgan shaxs Adliya vazirligiga miting o‘tkazish uchun ruxsat olish uchun hujjat olib bormaydi”.

Loyiha buyurtmachisi Darina Yuldashevani 30-iyul kuni Shuhrat ko‘chasida o‘z mashinasi bilan qurilish texnikasining kirishini to‘sib qo‘ygani uchun sudga bergan.

“Sudda qilgan ishimni ro‘yirost tan oldim va shu yo‘l bilan o‘zimni, oilamni va jamiyatni himoya qilmoqchi ekanligimni aytdim, — deb tushuntirdi u. — Sudya qoidabuzarlikni aniqlamadi va ogohlantirish berdi”.

Ayol ikkinchi marta 29-sentabr kuni Chingiz Aytmatov ko‘chasidan qurilish maydonchasiga kiraverishga mashinasini to‘xtatdi. U ishchilarning yashil maydonlarni qanday kesib tashlayotganini tasvirga olmoqchi bo‘ldi.

“O‘sha paytda quruvchilar darvoza o‘rnatish uchun tayyorlangan temir taxtani olib, mashinamga taqab qo‘yishdi. Mashinadan xavotir olib: „Mashinamga tegsangiz, sizni o‘ldiraman“, — dedim. Bu gaplarimni videoga yozib olishdi va sud majlisida asosiy dalil qilib, qonuniy qurilishga, tadbirkorlarga xalaqit berayotganimni aytishdi. Albatta, jahlim chiqqandi. Aytish mumkinki, ehtiros holatida. Lekin ular shundan foydalanishdi”, — deydi Darina Yuldasheva.

“U yerda to‘xtashni taqiqlovchi belgilar yo‘q edi. Bu rejim obyekti emas. Qurilish maydonchasi qarshisida to‘yxona bor, u yerga juda ko‘p mashinalar to‘xtaydi. Nega ular Darinaga yopishib olishdi? Shunchaki, u ularning qurilishiga xalaqit beryapti, shuning uchun ham aybini topishga harakat qilishyapti”, — deydi mahalla muqimlaridan Nodir Najimov.

10-oktabr kuni mahalla fuqarolari dastlabki himoya chorasi sifatida qurilishni to‘xtatib turishni so‘rab, loyiha buyurtmachisi ustidan sudga murojaat qilgan. 12-oktabr kuni Toshkent shahar tumanlararo ma’muriy sudi “qurilish, buzish, demontaj qilish va yaxlitlikni buzishga qaratilgan boshqa harakatlar"ni vaziyatga to‘liq aniqlik kiritilguniga qadar to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror chiqardi.

Qurilish esa baribir davom ettirildi. 14-oktabr kuni aholi qurilish maydonchasiga kirish joyiga kelib, ichki ishlar bo‘limiga qo‘ng‘iroq qila boshlagan. Voqea joyiga mahalliy mahalla “uchastkovoyi” Farrux Abduakbaraliyev yetib keladi. Akbar Muxitdinovning aytishicha, u aholiga ariza yozishni maslahat bergan. Hujjatni besh-olti kishi imzolagan.

Ko‘p o‘tmay, uch kishi, jumladan, Akbar Muxitdinov quruvchining da’vosi bo‘yicha ayblanuvchiga aylanib qoldi. Sud 20-oktabr kuni bo‘lib o‘tdi. Fuqarolar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 200-moddasi va 194-moddasi 1-qismi (“O‘zboshimchalik” va “Ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablariga rioya qilmaslik”) bilan aybdor deb topilib, BHMning bir baravari (330 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortildi.

Sud qarorida aytilishicha, sudning 12-oktabrdagi ajrimi e’lon qilingandan so‘ng 14-oktabr kuni “sud qarorini ijro etish huquqiga ega bo‘lmagan” uch nafar shaxs “MCHJ qurilish maydoniga kirishni to‘sib, o‘zboshimchalik bilan ishni to‘xtatgan”. Korxona direktori o‘rinbosari Shuhrat Saidov IIBga qo‘ng‘iroq qilganida, uch kishi “xodimlarning jamoat joyida tartibni buzmaslik va tarqalish haqidagi qonuniy talablarini bajarmagan”.

Ayblanuvchilar o‘z bayonotlarida qo‘yilgan ayblarga rozi emasliklarini bildirishgan. Ular Biopharm Plyus tegishli ruxsatnomalar olmasdan qurilish ishlarini boshlagani, aholi qurilishga rozi bo‘lmagani hamda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgani, qurilish ham sud, ham prokuratura tomonidan to‘xtatilgani, biroq kompaniya ishni davom ettirayotganini aytishdi.

Akbar Muxitdinov, xususan, kompaniya sudning ishni to‘xtatib turish haqidagi talabini bajarmagani uchun qurilish maydonchasiga kelganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 12-oktabr kuni u o‘zini qorovul deb atagan shaxsga sud qarorini imzolash uchun taqdim etgan. 14-oktabr kuni u boshqa fuqarolar bilan qurilish maydonchasiga kelib, yuk mashinalaridagi odamlarga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan tuproqni bo‘shatishni talab qilgan.

Quruvchining vakili Shuhrat Saidov sudda 12-oktabrdagi sud qarori o‘sha paytda kompaniyaga yetib kelmaganini, fuqarolar kompaniya faoliyatiga xalaqit berayotgani, xususan, avtomobillar harakatiga to‘sqinlik qilayotgani uchun ichki ishlar xodimlarini chaqirganini aytdi. Mahalla ahlining aybini isbotlash uchun sud tomonidan ko‘rib chiqilgan video dalillar taqdim etildi.

Hujjatlarni qalbakilashtirishda shubhalar

“Shayx Shibli” mahalla qo‘mitasi raisi Asatilla To‘laganov aholi faolligidan mamnun bo‘lsa-da, tushunmovchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun faollar ishiga aralashmaslikka harakat qilgan. sentabr boshida u o‘z lavozimini tark etishga qaror qildi. O‘shanda go‘yoki 22 nafar fuqaro qo‘l qo‘yib, turar joy majmuasi qurilishiga rozi bo‘lgani yozilgan hujjatda o‘zining ham imzosi borligini bilib qolgan.

“Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda Asatilla To‘laganov hech qanday hujjatga imzo chekmaganini ma’lum qildi. U Toshkent shahar bosh arxitektoriga murojaat yo‘llab, unda hujjatning soxtalashtirilgani haqida ma’lum qilgan va “mahalla aholisining qurilish borasidagi faol kelishmovchiligi va ularning o‘ta xavotirda ekani"ni qayd etgan.

“Hujjatni olib kelishganida, 22 kishini aylanib chiqishga qaror qildik. Kim ma’qullagan bo‘lsa — Xudo haqqi, biz o‘z fikrimizni majburlab singdirmaymiz. Ko‘pchilik qurilishga qarshi edi. Ular ham xuddi men kabi hayratda qolishdi. Bu hatto mening imzom ham emas”, — deydi Asatilla To‘laganov.

Darina Yuldashevaning tushuntirishicha, aholi haqiqatda hujjatga imzo chekkan, lekin gap qurilishga rozilik haqida emas, aksincha. Aholining fikricha, hujjatdagi varaqlar almashtirilgan.

Ma’lumot uchun: 2018-yilda hududda qurilish ishlarini amalga oshirish mumkin emas deb topilgan. Bu haqda Toshkent shahar Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining shahar hokimligiga yo‘llagan xatida aytilgan. Davlat veterinariya qo‘mitasi ham o‘z maktubida bu yerda har qanday qurilish ishlarini olib borish taqiqlanganini qayd etgan.