UzAuto Motors 30-oktabrdan boshlab avtomobillar xarid qilish bo‘yicha shartnomalar qayta tiklanishi haqidagi mish-mishlarni rad etdi.

“Bugun bir qancha avtoihlosmandlar avtomobillar uchun kontraktatsiya boshlanganligi to‘g‘risidagi mish-mishlarga ishonib, ertalabdan dilerlik markazlariga kelishgani sababli dilerliklarda katta navbatlar yuzaga keldi. Eslatib o‘tamiz, sotuv boshlanganligi to‘g‘risida va boshqa murojaatlar bo‘yicha ma’lumotlarni UzAuto Motors`ning rasmiy kanallaridan olishingiz mumkin”, — deyiladi xabarda.

Kompaniya shuningdek, avtomobil uchun shartnomani nafaqat Chevrolet dilerlik markazlarida, balki UzAuto Motors ilovasi (iOS/Android), Telegram bot va savdo.uzavtosanoat.uz saytida ham onlayn tarzda olish mumkinligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil dekabr oyidan UzAuto Motors to‘rtta ommabop avtomobil modellariga shartnoma tuzishni to‘xtatgandi. Kompaniya bunday qarorni mikrochiplar yetishmasligi va logistika muammolari bilan izohladi.

Avgust oyida kompaniya Lacetti, Cobalt, Damas va Labo uchun shartnomalar tuzishni qayta tikladi va bir kunda 51 mingdan ortiq shartnoma tuzdi. sentabr oyida esa bir necha soat ichida yana 28 ming avtomobilga shartnoma tuzildi.

oktabr oyi o‘rtalarida kompaniya o‘zining Chevrolet Lacetti, Cobalt, Damas va Labo avtomobillari narxini oshirdi. Narx o‘rtacha 5,1 foizga oshdi.