“Dunyoda ishonch yo‘qolib, raqobat kuchayib ketyapti. Har bir davlat o‘zining ertangi kuni uchun kurashyapti”. Ushbu so‘zlarni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-oktabr kuni Qashqadaryo faollari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi. Uning to‘liq nutqi “O‘zbekiston24” telekanalining “Menimcha” ko‘rsatuvi orqali namoyish etildi.

“Agar bu kurashda biz marrani baland olmasak, ancha orqada qolib ketamiz. Kechagi kunimizni unutmasdan, ertangi kunimizga to‘g‘ri zamin yaratishimiz kerak. Biz bir oila, bir jamiyat bo‘lib shunday harakat qilishimiz kerakki, jonajon vatanimiz O‘zbekistonimiz o‘zgarishi kerak”, — deya ta’kidladi prezident.

Shu bilan birga davlat rahbari hozir O‘zbkiston milliy siyosatini joyiga qo‘yish masalasida ildam harakat qilayotganini qayd etdi.

“Hozir ochiqlik siyosatida yashayapmiz. O‘zimizning milliy siyosatimizni joyiga qo‘yish — bu azob. Biz agar o‘zimizga mustahkam va mustaqil bo‘lmasak, bizni uyoqqa ham, buyoqqa ham tortib ketadigan kuchlar juda ko‘p. Nima uchun men hamma sohada ko‘proq mustaqil bo‘lishga harakat qilaman? Biz qancha ko‘p mustaqil, iqtisodimiz qancha mustahkam bo‘lsa, biz bilan hisoblashishlariga majbur qilamiz. Nimamiz bilan? Faqat mehnatimiz bilan. Bitta boyligimiz bor — mehnatimiz. Agar har birimiz lavozimimiz va bugungi sharoitga munosib bo‘lib mehnat qilmas ekanmiz, biz ancha narsadan yutqazamiz va ancha narsadan orqada qolib ketamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

prezident, tinchlik

Videodan lavha.

Prezident sohalarda ilmni rivojlantirish mamlakatga katta foyda kelitirishiga ishonch bildirdi. Qolaversa, u hozir tinchlik, osoyishtalik taqdirini mudofaa emas, aql, bilim hal qilayotganini ta’kidladi.

“Agar biz 10 yil hamma sohada ilmni rivojlantirsak, O‘zbekiston o‘zgarishiga men ishonaman. Xudo xohlasa 10−15 yil tinchlik bo‘lsa, O‘zbekiston qanday marralarga erishishi mumkinligini men tasavvur qilaman. Avvalambor, hammamiz mana shu yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik, odamlarimizga yaratilayotgan imkoniyatlar — bu kunlarning qadriga yetishimiz kerak. Bitta narsani o‘zlaring uchun xulosa qilinglar, shu oilalaringni tinchligi uchun ham biz mustahkam ishlashimiz kerak. Men har safar oddiy bir misolni aytaman: Eng kichkina nevaramiz bizning yoshimizga kirguncha tinchlikni ta’minlab berishimiz kerak. Lekin, bu tinchlik, osoyishtalik taqdirini mudofaa emas, aql, bilim hal qilyapti”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.