27-oktabr kuni Riga shahrida O‘zbekistonning Latviya va Finlyandiyadagi elchisi Qadamboy Sultonov, Latviya Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi o‘rinbosari Anjeys Vilumsons, davlat va biznes idoralar vakillari ishtirokida O‘zbekiston faxriy konsulxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Bu O‘zbekistonning Boltiqbo‘yidagi birinchi faxriy konsulligi bo‘lib, unga Rigadagi O‘zbekiston cavdo uyi rahbari, Outdoor Media asoschisi va direktori Vladimir Galperin konsul etib tayinlandi. Marosim davomida unga tegishli konsullik patenti topshirildi.

Yangi faxriy konsul Latviyada joylashgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga ko‘maklashish, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, latviyalik sarmoyachi va sayyohlarni O‘zbekistonga jalb etish, mamlakat bozorlariga mahalliy mahsulotlar eksportini ko‘paytirish jarayonlarida faol ishtirok etadi, deyiladi xabarda.

Latviya va boshqa Boltiqbo‘yi mamlakatlari mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etish, madaniy-gumanitar va boshqa aloqalarni rivojlantirishga ham ko‘maklashishi aytilmoqda.

Marosimda konsullikning ochilishi va Toshkent shahrida Latviya investitsiyalar va taraqqiyot agentligi vakolatxonasi faoliyatini boshlashi ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik asoslarini hamda institutsional munosabatlarni mustahkamlashga katta hissa qo‘shishi alohida ta’kidlandi.