Vazirlar Mahkamasining 26-oktabrdagi qarori bilan O‘zbekistonga bojxona to‘lovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib o‘tish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritildi.

Hukumatning 2018-yil 22-iyundagi qarori bilan maishiy texnika, telefonlar va boshqa tovarlarning umumiy qiymatiga qarab boj to‘lanmaydigan normalari belgilangan. Unga ko‘ra, jismoniy shaxslar har 6 oyda faqat bitta telefon apparati, shu jumladan, qo‘l telefonini bojsiz olib kirishlari mumkin edi.

2024-yil 28-yanvardan kuchga kiradigan o‘zgartirishlarga ko‘ra, jismoniy shaxslar har safar chegaradan o‘tganlarida 2 ta telefon apparatini, shu jumladan, mobil aloqa moduliga ega bo‘lgan mobil telefonlar va qurilmalarni bojsiz olib kirishlari mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, aeroport orqali olib kirilayotganda bitta yoki ikkita telefonning umumiy summasi 2000 dollardan oshmasligi kerak. Agar summa shartli ravishda 2300 dollar bo‘lsa, u holda 300 dollarga 30 foiz boj qo‘llaniladi.

Ushbu tuzatishlar xalqaro kurerlik jo‘natmalari orqali kelgan tovarlarga taalluqli emas, ya’ni jismoniy shaxslar har chorakda 1000 dollarlik tovarlarni sotib olishlari mumkin bo‘ladi.

Shu bilan birga, yangi telefonlarni olib kirishda majburiy deklaratsiya joriy etilmoqda, ya’ni ularni olib kiruvchi fuqarolar “qizil” yo‘lak bo‘ylab chegaradan o‘tib, bojxonachilar orqali deklaratsiya to‘ldirishlari shart. Avvalroq Raqamli texnologiyalar vazirligi deklaratsiyalash mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tizimiga integratsiya qilinishi va ular tomonidan qonuniy olib kirilishiga asos bo‘lishnini qayd etgandi.

“Bu bilan noqonuniy xatti-harakatlarning oldi olinishiga erishiladi. Buning natijasida fuqarolar o‘zi bilan olib kirgan qo‘shimcha ikkinchi mobil qurilmani UzIMEI tizimida muammosiz ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin bo‘ladi”, — deyiladi vazirlik xabarida.